Янгиликлар
17
XODIMLAR MALAKASINI BAHOLASH TIZIMI TAKOMILLASHTIRILDI
Maʼlumki, mehnat bozoridagi talab va malakali kadr tayyorlash tizimining oʻzaro bir-biriga mos boʻlishi, oddiy aytganda talab va taklifning bir-biriga muvofiq boʻlishi jamiyat rivojlanishi barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi ham bu sohadagi muhim bosqichlardan biri boʻldi.
Qarorda хizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini takomillashtirishga asosiy eʼtibor qaratildi.
Bunda har bir lavozim va kasb boʻyicha malaka doirasiga muvofiq malaka darajasiga talablar kiritilishi;
lavozim va kasblarni Mashgʻulotlarning Xalqaro Standart Klassifikatori (MXSK — 2008) bilan muvofiqlashtirish;
ishchi kasblar uchun tarif razryadlarining oraligʻini belgilash nazarda tutildi.
Shu munsabat bilan Klassifikatorni yangi tahrirda ishlab chiqish va Oʻzbekiston davlat standarti shaklida roʻyxatdan oʻtkazish vazifasi belgilandi.
Qaror bilan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha tegishli malaka darajasiga erishish yoʻllarining moslashuvchanligi va xilma-xilligini taʼminlovchi Malaka darajalariga erishish sxemasi tasdiqlandi.
Klassifikatorda belgilangan har bir lavozim va kasb boʻyicha taʼlim va malaka darajasiga qoʻyiladigan talablar Malaka darajalariga erishish sxemasiga muvofiq tegishli lavozim (kasb)ning malaka darajasidan kelib chiqqan holda ish beruvchilar tomonidan mustaqil belgilanishi, har bir xodimning malaka darajasini aniqlashda nafaqat uning maʼlumoti, balki kasbiy tajribasi, bilimlari hamda shaxsiy va ishbilarmonlik fazilatlari ham hisobga olinishi, xodimlarning ish haqini belgilashda ularning malaka darajasi hisobga olinishi belgilandi.
Mazkur qarorga asosan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha kengash, hududiy kengashlar va tarmoq kengashlari tashkil etilishi hamda ularning vazifalari belgilab berildi.
Xususan, hududiy kengashlarga kasbiy standartlar, tarmoq malakalar doiralari va malaka talablarining ishlab chiqilishi hamda yangilab borilishini tashkil etish;
malaka va bilimlarni baholash milliy tizimining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash;
malaka va bilimlarni, nafaqat shaxs tomonidan olingan taʼlim, balki uning kasbiy tajribasi, koʻnikmalari hamda shaxsiy va ishbilarmonlik xususiyatlarini inobatga olgan holda tan olish, validatsiya va akkreditatsiya (sertifikatsiya) qilishning moslashuvchan, shaffof va xolisona mexanizmlarini joriy etish;
ish beruvchi talablarining taʼlim dasturlari mazmuni bilan oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish orqali taʼlimning sifatini oshirish kabi vazifalar yuklatildi.
Oʻz navbatida tarmoq kengashlariga ham mehnat bozori monitoringi asosida tarmoqlarning malaka va bilimlarga ehtiyojlari va tendensiyalarini aniqlash, kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish, tarmoq malakalar doiralari va kasbiy standartlardan kelib chiqqan holda Klassifikatorni takomillashtirish hamda mehnatga haq toʻlashga oid meʼyorlarni aniqlash boʻyicha takliflar tayyorlash kabi vazifalar yuklatildi.
Endilikda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har chorakda tarmoq va hududiy kengashlar bilan birgalikda malakalarni baholash tizimini joriy etish boʻyicha faoliyat natijalarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etib boradi. Bu borada vazirlikka bir qator huquqlar berildi.
Yana bir muhim jihat - Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika bandlik va mehnat muhofazasi ilmiy markazi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti etib qayta tashkil etildi va unga Kengashning ishchi organi vazifasi yuklatildi.
Mazkur institutda ishlash uchun xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan chet eldagi vatandoshlarni shartnoma asosida jalb qilish hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan ularning mehnatiga haq toʻlashga ruxsat berildi.
Qarorda bir qator imkoniyatlarni taʼminlovchi “profstandart.uz” kasbiy standartlarning yagona ochiq portalini ishlab chiqish va ishga tushirish vazifasi belgilandi.
Har yili kasbiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy standartlarni ishlab chiqish reja-grafigi tasdiqlash tartibi va talablari aniq belgilab berildi.
Yana bir ahamiyatga molik tomoni shundaki, 2021-yilga moʻljallangan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi yirik korxonalar huzurida malakalarni baholash markazlarini tashkil etish dasturi tasdiqlandi. Malakani baholash markazlari tomonidan beriladigan malaka pasportlari malaka doirasi darajalariga muvofiq lavozimlarni egallash va mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini berishi belgilab qoʻyildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-oktyabrdagi “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 795-son qarori 2021-yil 1-martdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanishi nazarda tutildi.
Xulosa oʻrnida, joylarda hududiy va tarmoq kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, kengashlar uchun belgilangan vazifalarning oʻz vatida bajarilishi albatta kelgusida qaror qabul qilinishidan koʻzlangan maqsadga, yaʼni mamlakatimizda inson kapitalini toʻlaqonli rivojlantirish, oliy va professional taʼlimning sifatini oshirish, mehnat bozorining rivojlanishi tendensiyalarini inobatga olgan holda, aholining keng qatlamlarini talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish hamda malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish uchun shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
A.Zulfiqorov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada
huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish boʻlimi boshligʻi