Bog'lanish

Telefon
(+998 73) 244-55-28

Elektron manzil
fargona@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

SOLIQ TEKSHIRUVLARINI TASHKIL ETISH VA OʻTKAZISH TARTIBI BELGILANDI


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-son qarori bilan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, soliq organlari quyidagi soliq tekshiruvlarini oʻtkazadi:
kameral soliq tekshiruvi;
sayyor soliq tekshiruvi;
soliq auditi.
Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
soliqqa oid qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi boʻlganida;
taqdim qilingan soliq hisobotida tafovut yoki xatolar aniqlanganida.
Mazkur tekshiruv soliq organi rahbarining buyrugʻi asosida,
60 kundan oshmagan muddatda oʻtkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvi 10 kundan ko’p bo’lmagan muddatda oʻtkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvida hujjatlar va buyumlarni tungi vaqtlarda (23.00 dan 06.00 ga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida) olib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Soliq auditi quyidagi soliq toʻlovchilarda oʻtkaziladi:
soliq tavakkalchiligining yuqori toifasiga mansub boʻlgan;
kameral soliq tekshiruvi natijasi boʻyicha soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan hisobotni taqdim etmasa;
ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslarda;
soliq toʻlovchilarning jinoiy ishlar boʻyicha moliya-xoʻjalik faoliyati taftish qilinish doirasida;
faoliyatini toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar.
Sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarni tekshirish bundan mustasno.
Soliq tekshiruvlarini oʻtkazishda soliq organlari mansabdor shaxslari quyidagilarga majbur:
sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishda:
soliq toʻlovchiga oʻz xizmat guvohnomasini koʻrsatish;
soliq toʻlovchini soliq tekshiruvi maqsadi, uning huquqlari va majburiyatlari bilan tanishtirish;
soliq tekshiruvini tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqning bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etishi;
oʻtkazilgan soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha soliq tekshiruvi dalolatnomasini tuzish va bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etish;
oʻtkazilgan soliq tekshiruvlarining natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimiga kiritilishini taʼminlash;
soliq auditi boshlangunga qadar:
soliq toʻlovchini yoki uning vakilini soliq tekshiruvi maqsadi bilan tanishtirish, unga oʻz xizmat guvohnomasi koʻrsatish;
soliq tekshiruvini tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqning bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etish;
soliq toʻlovchining huquq va majburiyatlarini tushuntirish.
Soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror olingan kundan eʼtiboran oʻn kun muddatda moliyaviy sanksiyalar summasi ixtiyoriy ravishda toʻlanganda jarima miqdori Soliq kodeksi 28-bobining tegishli moddasida belgilangan miqdorga nisbatan ikki baravarga kamaytiriladi.
Texnik talablarga javob bermaydigan nazorat-kassa texnikasi mavjudligi aniqlangan taqdirda, sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan belgilangan tartibda bayonnoma tuziladi va ushbu nazorat-kassa texnikasi ekspertizadan oʻtkazish uchun vaqtincha olib qoʻyiladi.
Sayyor soliq tekshiruvida soliq toʻlovchining faoliyatining toʻxtab qolishiga olib keladigan hujjatlar va buyumlarni (nusxalari, shuningdek, asl nusxalari), shu jumladan elektron hujjatlari, predmetlarini (tovarlar, buyumlar, xom ashyolar, materiallar va yarim tayyor mahsulotlar namunalari) olib qoʻyish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Soliq organlari soliq auditi oʻtkazilishi boshlanishidan kamida oʻttiz kalendar kun oldin soliq toʻlovchiga soliq auditi oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud boʻlmagan tijorat tashkilotlarida soliq auditi oʻtkazilmaydi.
Solik toʻlovchi soliq tekshiruvi natijasida qabul qilingan qarorni ixtiyoriy tartibda bajarmagan hollarda soliq organi tomonidan mustaqil ravishda Soliq kodeksining 120-124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda soliq qarzlarini undirish amalga oshiriladi.
Mazkur Nizom talablariga asosan oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvlari natijalari boʻyicha soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida soliq organlariga maʼlumot bergan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi Davlat soliq qoʻmitasining buyrugʻi asosida belgilanadi.

Fayzullo Mamajonov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada
huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish boʻlimi yetakchi maslahatchisi