Bog'lanish

Telefon
(+998 73) 244-55-28

Elektron manzil
fargona@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda fermer xoʻjaliklarining oʻrni


Maʼlumki, yer umummilliy boylik boʻlib, xalq hayoti va farovonligining asosi hisoblanadi hamda davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Yer munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi va yerga oid boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qonunchiligimizga koʻra, chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli boʻlgan taqdirda tashkil etiladi. Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligiga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi sugʻoriladigan yerlarda kamida 0,3 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xoʻjaliklari uchun 0,5 gektarni), boshqa viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi sugʻoriladigan yerlarda tegishincha, kamida 0,45 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xoʻjaliklari uchun 0,6 gektarni), sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami paxtachilik va gʻallachilik uchun kamida 30 gektarni, gʻallachilik va sabzavotchilik uchun kamida 10 gektarni tashkil etadi. Ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni hamda koʻpi bilan 5 gektarni tashkil etadi.
Hozirgi kunda tumanimizda paxta-gʻalla yoʻnalishida 172 ta, chorvachilik yoʻnalishida 39 ta, parrandachilik yoʻnalishida 4 ta, sabzavotchilik yoʻnalishida 38 ta, baliqchilik yoʻnalishida 8 ta, bogʻdorchilik yoʻnalishida 81 ta fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatib kelmoqdalar.
Ushbu fermer xoʻjaliklari samarali faoliyat yuritishi uchun ijara asosidagi yetarlicha ekin maydonlariga ega boʻlgan, zamonaviy texnikalar bilan taʼminlangan, ilgʻor texnologiyalarga ega boʻlgan xoʻjaliklar boʻlib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan birga, ularni qayta ishlash, shuningdek, chorva, baliq va parranda goʻshti yetkazib berish kabi yoʻnalishlarda samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqdalar.
Adliya vazirining buyrugʻiga asosan hozirgi vaqtda “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi oʻtkazilmoqda. Aksiya doirasida tuman adliya boʻlimi tomonidan tumanimizdagi 20 ga yaqin fermer xoʻjaliklarining yer maydonlariga borgan holda fermer xoʻjaliklari boshliqlari va ishchilari bilan suhbatlar oʻtkazildi. Suhbat jarayonida ularga soha boʻyicha qonunchilikdagi yangiliklar, ijobiy ishlar tanishtirildi. Shuningdek, sohadagi muammo, kamchiliklar va ularning yechimlari yuzasidan davra suhbatlari tashkil qilindi.
Ushbu aksiya joriy yilning dekabr oyiga qadar davom ettiriladi.

Toshloq tuman adliya boʻlimi boshligʻi
Y.Zulfiqorov