Bog'lanish

Telefon
(+998 73) 244-55-28

Elektron manzil
fargona@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

19

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta`minlashdagi yana bir qadam


Mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlardan, qabul qilinayotgan qarorlar, kelgusida moʻljallanayotgan ijtimoiy dasturlar, ularning maqsadidan har bir jamiyat aʼzosining oʻz vaqtida xabardor boʻlishi zarur. Bu holat aholining ijtimoiy faolligiga, mamlakat oldida turgan muhim vazifalarni hal etishda ishtirok etishga undaydi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga oid axborotlarning yetarli darajada boʻlmasligi, sust yoritilishi odamlar orasida har xil mish-mish, uydirma va boʻhtonlarning tarqalishiga olib kelishi mumkin va bu jamiyat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shunga koʻra, aholini zarur axborotlardan oʻz vaqtida xabardor qilib borish maqsadga muvofiq.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyun kungi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-son Farmoni bu borada aniq maqsad va qoidalarni belgilab berdi.
Farmon bilan barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik 33 turdagi maʼlumotlar roʻyxati tasdiqlandi.
Farmon bilan oʻrnatilgan tartibga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari har yili 1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno) rasmiy
veb-saytlariga joylashtirib, 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar berishi, 1-aprelga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazishi belgilandi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab amalga oshirilgan davlat xaridlari, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari, oʻzlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab boradi.
Shuningdek, 2021-yil 1-iyuldan boshlab oʻz huzurida faoliyat yurituvchi jamoatchilik kengashlari bilan birgalikda rasmiy veb-saytlarida jamoatchilik kengashi aʼzolari, yigʻilishlari, davlat xaridlarini amalga oshiruvchi komissiya, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning hududlar kesimida masʼul xodimlari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirib, ularning har chorakda yangilanib borilishini taʼminlaydi.
Oliy taʼlim muassasalarida oʻqish, oʻqishni koʻchirish, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish bilan bogʻliq imtihonlarni oʻtkazish jarayonlarini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi tegishli tashkilotlarning taklifi maʼqullandi.
Shuningdek, Hisob palatasi, Moliya vazirligi, nazorat qiluvchi organlarga davlat siri boʻlgan maʼlumotlarning yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning muhofaza qilinishini taʼminlagan holda oʻtkazilgan har bir taftish va tekshiruv toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, Davlat soliq qoʻmitasiga faoliyatlariga oid alohida maʼlumotlarni Portalga joylashtirish va ularning har chorakda yangilanishini taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Yana bir muhim jihat Farmonda Oliy Majlis palatalariga oʻz rasmiy
veb-saytlarida parlament nazorati obyektlarining hisobotlarini eshitish natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlar, Qonunchilik palatasida deputatning har bir qonun (qaror) loyihasini qabul qilish yoki rad etishdagi, senatorning har bir qonunni (qarorni) maʼqullash yoki rad etishdagi ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, saylov okruglari hamda ularning elektron pochta manzillari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish tavsiya etildi.
Shu bilan birga masʼul idoralarga “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi konsepsiyasi va loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan talablarni buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalalari ham nazarda tutildi.
Xulosa oʻrnida, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida, jumladan mazkur Farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlarning bu borada koʻnikmalarini oshirgan holda belgilangan talablarga ogʻishmay rioya etish mamlakatda har bir sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.


A.Zulfiqorov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boʻlimi boshligʻi