Янгиликлар
24
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi
Qonunga koʻra, Prezident davlat xavfsizlik xizmati qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi hamda oʻz vakolatlarini har qanday davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan mustaqil tarzda olib boradi.
Prezident davlat xavfsizlik xizmatiga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.
Prezident davlat xavfsizlik xizmati bevosita Prezidentga boʻysunadi va unga hisobdordir.
Prezident davlat xavfsizlik xizmati kasbga yaroqlilik boʻyicha tekshiruvdan muvaffaqiyatli oʻtgan, muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtagan Oʻzbekiston fuqarolari bilan ixtiyoriy asosda toʻldiriladi.
Xizmatga Qurolli Kuchlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarining zaxirasidagi yoki rezervidagi fuqarolar, shuningdek Oʻzbekistonning ayol jinsiga mansub boʻlgan, harbiy-hisob mutaxassisligi boʻyicha tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlmagan fuqarolari qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi hamda ushbu organlar va tashkilotlarning qoʻriqlanadigan shaxslar xavfsizligini taʼminlash masalalariga doir faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi.
Qoʻriqlanadigan shaxslarning, qoʻriqlanadigan shaxslar turgan obyektlarning hamda harakatlanish yoʻnalishlarining xavfsizligini taʼminlash uchun jalb qilingan Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining va boshqa tashkilotlarining kuch
va vositalari qoʻriqlash tadbirlari oʻtkazilayotgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining tezkor boshqaruvida boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hal etishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashishi shart ekanligi belgilangan.
Qoʻriqlanadigan shaxslar quyidagilardan iborat:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti va uning oila aʼzolari;
2) Oʻzbekiston Respublikasining sobiq Prezidenti va uning butun hayoti davrida oila aʼzolari;
3) yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti lavozimiga kirishguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifalarini va vakolatlarini bajaruvchi shaxs;
4) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati va chet davlatlarning tegishli vakolatli davlat organlari oʻrtasidagi bitimlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan vaqtida chet davlatlarning, hukumatlarning, parlamentlarning, xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, chet davlatlarning boshqa siyosiy va jamoat arboblari, shuningdek ularga hamrohlik qilayotgan oila aʼzolari;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga muvofiq qoʻriqlanishi lozim boʻlgan boshqa shaxslar shular jumlasidandir.
E.Qalandarov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
masʼul xodimi