Янгиликлар
31
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasi doirasida har yili qabul qilib kelinayotgan Davlat dasturlari ijrosi doirasida qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, bu bilan bogʻliq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona koʻrib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish boʻyicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2021-yilning 26-iyun kuni “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezidentning PQ-5163-sonli qarorining qabul qilinishi qiynoqqa solish borasidagi qonun buzilishlarni bartaraf qilish borasidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.
Qaror bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki
qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash (keyingi oʻrinlarda – qiynoqqa solish) holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha quyidagilar ustuvor vazifalar etib belgilandi:
Jumladan, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish;
-harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishini qatʼiy taʼminlash;
-qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish;
-qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash;
-qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish hamda ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash;
-qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha faoliyat natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish;
-qiynoqqa solishning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning milliy institutlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
Qarorda belgilab berilgan chora-tadbirlarning hayotga tadbiq etilishi natijasida qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi endilikda xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtiriladi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishi qatʼiy taʼminlanadi.
Shuningdek, qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinish mexanizmlari takomillashtiriladi.
Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlari keng jalb qilinadi. Ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligi taʼminlanadi. Qiynoqqa solishning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning milliy institutlari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Shu bilan birga, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili – Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
– gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish;
– harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlash shart-sharoitlarini oʻrganish va ular yuzasidan axborotlarni jamoatchilikka eʼlon qilib borish;
– qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish boʻyicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish;
– qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etish;
– qiynoqqa solish holatlarini ekspertlik baholash masalalari boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;
– qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishida ishtirok etish;
– qiynoqqa solish xavfining oldini olish hamda bu sohada ilgʻor xorijiy tajribani joriy qilish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.
Shuningdek, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Bosh prokuratura, Ombudsman, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz tomonidan 2021-yil 1-dekabrga qadar Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish uchun javobgarlik belgilovchi normalarni BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashga qarshi Konvensiyasi” (Nyu-York, 1984-yil 10-dekabr) talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Qarorda belgilab berilgan chora-tadbirlarning amaliyotga joriy qilinishi, gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism hamda majburiy davolash muassasalaridagi shaxslar tomonidan qilingan qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi va aybdor shaxslarning oʻz vaqtida muqarrar javobgarlikka tortilishini taʼminlaydi.
Adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish boʻlimi bosh maslahatchisi A.Yoqubov