Янгиликлар
27
Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq hoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-yil 23-noyabrda “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq hoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-20-son qaror (keyingi oʻrinlarda Qaror deb yuritiladi) qabul qilindi.
Qaror bilan aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda oʻz biznesini tashkil etishga koʻmaklashish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish va qishloq xoʻjaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va gʻalladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydonlarini 2022-2025-yillarda bosqichma-bosqich zaxiraga qaytarilishi, zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarini dehqon xoʻjaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 10 yilga ijaraga berilishi belgilandi.
Qarorda qishloq xoʻjaligi maqsadlari, shu jumladan dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish, ularni vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish “E-IJARA” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi;
qishloq xoʻjaligi maqsadlari, shu jumladan dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalari “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov oʻtkazish orqali ijaraga berilishi;
dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda oʻz tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega boʻlgan fuqarolarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik berilishi nazarda tutilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda tumanlar (shaharlar) hisobidagi boʻsh turgan va zaxiradagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
mazkur koʻrsatilgan yer maydonlari tegishli yildagi hosil yigʻib olingandan keyin tuman (shahar) hokimliklarining zaxirasiga belgilangan tartibda qaytarilishi va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
zaxiraga olingan yer uchastkalarini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari tuman (shahar) hokimliklari buyurtmasiga asosan amalga oshirilishini hamda tuman (shahar) mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishini;
davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yer maydonlarining
0,10 gektardan 1 gektargacha boʻlgan hajmlarda lotlarga ajratilib, bir oy ichida ochiq elektron tanlovga qoʻyilishini;
yer toʻgʻrisidagi qonunchilik va ijara shartnomasi talablari bajarilmaganda, jumladan ijaraga berilgan yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda yerga boʻlgan huquq Yer kodeksi va “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan bekor qilinishi haqida dehqon xoʻjaliklari orasida tushuntirish ishlari olib borilishini taʼminlashi koʻrsatib oʻtilgan.
Qarorga koʻra kredit mablagʻlari “Har bir oila — tadbirkor” dasturi shartlari asosida tijorat banklari tomonidan dehqon va fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa korxonalarga yer maydonida kichik intensiv bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilikni rivojlantirish, poliz, dukkakli, moyli ekinlar va kartoshka yetishtirish uchun quyidagi shartlarda taqdim etilishi belgilandi:
har bir loyiha milliy valyutada 100 million soʻmdan oshmagan miqdorda yillik
14 foiz stavkada moliyalashtiriladi;
kreditlar kichik intensiv bogʻdorchilik va uzumchilikka 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yildan koʻp boʻlmagan muddatga, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilikka 6 oygacha imtiyozli davr bilan 2 yilgacha muddatga ajratiladi;
kredit taʼminoti sifatida kreditning qaytmaslik xataridan sugʻurta qilish polisi taqdim etiladi;
kreditlar dehqon xoʻjaliklariga yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilarining yozma tavsiyasiga asosan ajratiladi.
Fayzullo Mamajonov,
adliya boshqarmasi Inson huquqlarini
himoya qilish boʻlimi boshligʻi