Янгиликлар
24
“Mehr daftari” tizimi joriy etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022-yil
17-yanvarda “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 26-son qaror qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
“Mehr daftari” tizimi — yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning muammolarini oʻrganish hamda hal etish, ularning
orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga hamda jamiyatga ijtimoiylashuviga koʻmaklashish, ularni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarni ragʻbatlantirish, shuningdek bolalarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlish sabablarini har tomonlama oʻrganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish va ularning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan tizimdir.
Quyidagilar “Mehr daftari” jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning muammolarini hal etish, isteʼdodli bolalarni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashish;
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni hayotga tayyorlash, ularning taʼlim-tarbiyasini tashkil etish, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash;
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, ayniqsa nogiron va surunkali kasalliklari boʻlgan bolalarning sogʻligini tiklash va saqlash;
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning kommunal toʻlovlar boʻyicha qarzdorliklarini qoplash;
• bolalarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlish sabablarini oʻrganish natijasiga koʻra aniqlangan muammolarini bartaraf etish va ularning oldini olish;
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarni ragʻbatlantirish;
• qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshqa xarajatlarni qoplash.
“Mehr daftari” tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni
qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Oʻquv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shuʼbalari “Mehr daftari”ni shakllantirishga masʼul hisoblanadi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni “Mehr daftari”ga kiritishning axborot tizimi amaliyotga joriy etilishi, joriy yilning
1-fevralidan boshlab “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga oid maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali aniqlash yoʻlga qoʻyildi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar 25 yoshga toʻlganda tegishli tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish shuʼbasi tomonidan tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq “Mehr daftari”dan chiqariladi.
Bunda “Mehr daftari”dan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi taʼminlangan va uy-joyi mavjud boʻlishi shart. “Mehr daftari”dan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi taʼminlanmagan holatlarda, ularning bandligini taʼminlash uchun “Yoʻl xaritasi” tuziladi hamda “Mehr daftari” hisobida turish muddati bandligi taʼminlangunga qadar, biroq 5 yildan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytiriladi.
“Mehr daftari” yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning muammolarini oʻrganish hamda hal etishga, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashadi.
Fayzullo Mamajonov,
boshqarma Inson huquqlarini
himoya qilish boʻlimi boshligʻi