Янгиликлар
08
"Davlat fuqarolik xizmatchisi – qonunlar nigohida" mavzusida oʻquv seminari tashkil etildi.
Yoshlar ishlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Fargʻona viloyati filiali, viloyat adliya boshqarmasi hamda Bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda "Davlat fuqarolik xizmatchisi – qonunlar nigohida" mavzusida oʻquv seminari tashkil etildi.
Ushbu seminarni oʻtkazishdan asosiy maqsad - viloyatda davlat organlari va tashkilotlarining hudud darajasidagi tuzilmalarining kadrlar bilan ishlash boʻlinmalari rahbarlarining nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish hamda salohiyatini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish hisoblanadi.
Maʼlumki, joriy yilning 8-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat organlari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 118 ming nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va ular faoliyatini yagona qoidalar asosida huquqiy tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi.
Qonun imzolanishidan bir necha kun avval, yaʼni 4-avgust kuni Prezident raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Ushbu yigʻilishda mamlakatimiz rahbari davlat xizmatini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtalib, ushbu masala qariyb 30 yildan beri keyinga surilib kelinayotganligini qayd etdi. Mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ikki yil davomida, chuqur muhokamalar asosida ushbu Qonun tayyorlanganligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi qariyb 30 yildan buyon intizorlik bilan kutilgan, 35 milliondan ortiq aholining hayotini yengil qiladigan, kayfiyatiga bevosita ijobiy taʼsir koʻrsatadigan normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Qonunning ishlab chiqilishi – juda mashaqqatli jarayon boʻlib, 15 ta vazirlik va idoralar mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tayyorlangan. Jamoatchilik vakillari, jumladan, jurnalist va blogerlar ishtirokida 10 dan ortiq muhokamalar tashkil etilgan.
Qonunni ishlab chiqish jarayonida xorij tajribasi va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalariga tayanildi. Xususan: Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Bolgariya, Latviya, Polsha, Estoniya, MDH davlatlari va boshqa mamlakatlarning qonunchiligi tahlil qilindi.
Seminar davomida qonunchilikdagi yangiliklar ishtirokchilarga tushuntirib oʻtildi.