Янгиликлар
24
O‘zga firma nomidan noqonuniy foydalanish to’xtatildi
Olmaliq “Ammofos Maxam” AJ fosforitlar asosida kompleks azot-fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarayotgan O‘zbekiston Respublikasining yirik korxonalaridan biri. Korxonaning 49% aksiyasi xorijiy investor - Ispaniyaning Maxam Corp S.A.U korporatsiyasiga tegishli.
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasiga Olmaliq “Ammofos Maxam” AJ shikoyat arizasi bilan murojaat qilib, ularga tegishli bo‘lgan “Ammofos Maxam” firma nomidan Fargʼona viloyatida joylashgan "F.M.L" maʼsuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ular bilan shartnoma tuzmasdan, roziligini olmasdan noqonuniy foydalanayotganligi holati yuzasidan tegishli chora koʼrishni soʼragan.
Oʼrganishda maʼlum boʼlishicha, "Ammofos Maxam" firma nomi hamda xizmat ko‘rsatish belgisi uchun tovarlar va xizmatlar xalqaro tasnifining 35-sinfiga muvofiq 1993-yilda “Ammofos Maxam” AJ huquq egasi sifatida himoyaga olgan va himoya qilish muddati 2033 yilga qadar belgilangan.
Holat yuzasidan Fargʼona viloyatida joylashgan "F.M.L" MChJ rahbari A.L isteʼmolchilarni chalgʼitishga olib kelishi mumkin boʼlgan firma nomidan noqonuniy foydalanayotganligi o‘z tasdig‘ini topdi. "F.M.L" MChJ rahbariga o‘zganing firma nomidan noqonuniy foydalanishni zudlik bilan to‘xtatish haqida Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan taqdimnoma yuborildi. Taqdimnomaga asosan, mazkur huquqbuzarlik bartaraf etilib, korxona nomi “Pronova agro kimyo” sifatida o‘zgartirildi.
Hurmatli tadbirkorlar! O‘zgaga tegishli firma nomi nafaqat milliy balki halqaro tizimda ham huquqiy himoya qilingan boʼlib, huquq egasiga tegishli boʼlgan mutloq huquq va uni hurmat qilishi har birimizning majburiyatimiz ekanligini unutmaylik!
Fargʼona viloyat adliya boshqarmasi