Янгиликлар
21
Darslik kitoblarning kontrafakt nusxalari aniqlandi.
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatda Beshariq tumanida joylashgan “XXX” tadbirkorlik subyekti tomonidan 45 nomdagi kitob nusxalari sotilayotganligi natijasida mualliflik huquqi buzilayotganligi yuzasidan qonuniy chora koʻrishlik soʻralgan.
Oʻrganishlar davomida maʼlum boʻlishicha, Beshariq tumanida joylashgan “XXX” tadbirkorlik subyektiga qarashli savdo doʻkonida “New Round –Up, New Round –Up3,4,5,6,7, Algebra (9-10-11-sinf), Fizika (6-7-8-9-sinf), ona tili (5—6-7-8-9-sinf), adabiyot (5-6-7-8-9-10-sinf), Oʻzbekiston tarixi (7-8-9-10-sinf), Kimyo (5-6-7-8-9-sinf) kabi jami 45 nomdagi kontrafakt kitob nusxalari sotilayotganligi va ushbu kitoblar davlat standartiga umuman javob bermasligi, belgilangan talablarga nisbatan xiraligi sabab oʻquvchilarni oʻqish imkoni yoʻqligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonunning 62-moddasiga ko‘ra, asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining takrorlanishi yoki tarqatilishi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda amalga oshiriladigan nusxalari kontrafakt nusxalardir.
Holat yuzasidan Fargʻona viloyatida joylashgan “XXX” oilaviy korxona rahbari D.D. ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1771-moddasi bilan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda hal etish uchun Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudiga yuborildi.
Sud tomonidan oilaviy korxona rahbari D.D. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1771-moddasiga asosan huquqbuzar deb topilib, unga nisbatan maʼmuriy jarima jazosi tayinlandi.
Xurmatli kuzatuvchilar! Mualliflik huquqi nafaqat nomulkiy, balki mulkiy huquq boʻlib, huquq egasiga tegishli boʻlgan mutloq huquq va uni hurmat qilish har birimizning majburiyatimiz ekanligini unutmaylik.
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi