Bog'lanish

Telefon
(+998 73) 244-55-28

Elektron manzil
fargona@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

26

Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi


Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi

Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-829-son Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun bilan Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi.
Ushbu Qonunga asosan, Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga, umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga oʻz huquqlarini amalga oshirishida toʻsqinlik qilish, shaxsiy narsalariga qasddan shikast yetkazish, shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish uchun quyidagi javobgarlik belgilandi:
– BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoq. Ularni doʻpposlash esa 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa sabab boʻladi.
Mazkur harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takror sodir etilsa jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Javobgarlik – BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarimadan boshlanib 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha.
Yuqoridagi shaxslarni doʻpposlash, ularga tan jarohati yetkazish
2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Oilaviy zoʻravonlik ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa (masalan, homiladorga, oʻta shafqatsizlik bilan, ikki yoki undan ortiq shaxsga va hk. shikast yetkazish), jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarsa (masalan, koʻrish, soʻzlash qobiliyatini yoʻqotish, oʻlim), 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab boʻladi.
Ilgari mazkur harakatlar uchun umumiy moddalarga (badanga shikast yetkazish) asosan javobgarlikka tortilgan.

2.    Shilqimlik qilish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Unga koʻra, shaxsga nomaqbul hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga yoki 5 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa sabab boʻladi.
Ilgari mazkur harakatlar uchun javobgarlik belgilanmagan.

3.    Aliment toʻlamagan shaxs majburan ishlatilib, puli bolalari taʼminotiga yoʻnaltiriladi.
Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi kiritildi. U sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha muddatga tayinlanadi.
Maʼlumki, aliment qarzdorligi jiddiy muammoga aylangan. Aliment toʻlamay yurgan shaxslarni 15 sutkaga qamash yoki jarimaga tortish mumkin. Biroq aksariyat hollarda bundan aliment oluvchiga umuman naf yoʻq.
Aksincha, qamoqqa olingan aliment toʻlovchi 15 sutka ishlab pul topish imkoniyatidan mahrum boʻladi, jarima jazosi esa uning ahvolini yanada ogʻirlashtiradi.
Endi ular majburiy jamoat ishlariga ham jalb etiladi va ish haqining teng yarmi alimentga ushlab qolinadi.

3.    Ayol kishini “abort” qilishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Ayolni abortga majburlash uchun javobgarlikning quyi chegarasi – BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarimadan boshlanib yuqori chegarasi – 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.
Ilgari javobgarlik BHMning 50 baravarigacha jarimadan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha edi.

4.    Jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar taʼlim-tarbiya tashkilotlarida ishlashi taqiqlandi.
Qasddan odam oʻldirgan, 18 yoshga toʻlmagan shaxs nomusiga tekkan, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirgan, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilgan, terrorizm uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar taʼlim, tarbiya, bolalar sogʻlomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʻullanishi taqiqlandi.
Ilgari mazkur cheklovlar mavjud boʻlmagan.


Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi
Lazizbek ASQAROV