Yangiliklar
30-iyun – "Yoshlar kuni" munosabati bilan, joriy yil 25-iyun kuni mamlakatimizning 16 ta shahrida, shu jumladan, Fargʻonada ham “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi yuqori darajada oʻtkazildi.
Fargʻona shahridagi “Samo” sport majmuasi hududida boshlangan “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda — birga yuguramiz” yagona shiori ostida oʻtkazilgan marafonda 3 mingdan ortiq, shu jumladan imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan 70 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.
Tadbir yakunida nogironligi bor shaxslar o‘rtasida faxrli o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga viloyat adliya boshqarmasi tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Kanalga ulanish
https://t.me/adliya_fargona
Seminar-treningda viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi, Davlat boshqaruv akademiyasi Fargʻona viloyat filiali xodimlari va 20 nafar NNTlar rahbarlari, ekspertlar guruhi a’zolari ishtirok etishdi.
Seminar-treningda NNTlarga yaratilgan imkoniyatlar va qonunchilikdagi yangiliklar, “Yangilangan Konstitutsiyada NNTlar faoliyatiga e’tibor, ularning faoliyatiga oid qonun hujjatlari”, shuningdek “Nodavlat notijorat tashkilotlari bilan davlat tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro qonuniy hamkorlik prinsiplari, ijtimoiy sheriklik asoslari” mavzularida ma’ruzalar qilinib, davlat ijtimoiy buyurtmalarida NNTlarning ishtiroki masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar davomida NNTlar tomonidan Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritilishi munosabati bilan bir qancha Qonun va qonun osti hujjatlariga oʻzgartirishlar kitirish boʻyicha takliflar berildi.
https://t.me/adliya_fargona
Ushbu kun munosabati bilan Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tizimida faoliyat olib boruvchi jonkuyar xodimlar va arxivariuslarga ehtirom koʻrsatildi.
Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va
tadbirkorlar huquqlarining himoyasini taʼminlanmoqda
Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarining samarali himoyasini taʼminlash maqsadida Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ–833-son, 26.04.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi mansabdor shaxslarning eʼtiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga qaratish zarur boʻlganda xususiy ajrim chiqaradi.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartishga koʻra:
• Barcha sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari 3 yil ichida ijroga topshirilishi mumkin. Ilgari iqtisodiy sudlarniki 6 oy ichida edi;
• Davlat ijrochisining har qanday qarorlari yoki harakatlari ustidan shikoyat faqat maʼmuriy sudga yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi.
Ilgari esa Iqtisodiy sud bilan bogʻliq ijro yuzasidan iqtisodiy sudlarga shikoyat berilgan.
Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga muvofiq, endilikda oʻzaro bogʻliq boʻlgan, baʼzilari fuqarolik sudiga, baʼzilari esa maʼmuriy sudga taalluqli bir nechta talabni birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ilgari esa mazkur ishlar birlashtirilib barcha talablar fuqarolik sudida koʻrilgan.
Talab fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, daʼvo arizasi (ariza) taalluqliligiga koʻra iqtisodiy sudga yoki maʼmuriy sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkaziladi.
Iqtisodiy yoki maʼmuriy suddan ariza yoki ish materiallari sudga taalluqliligiga koʻra kelib tushganda sudya ariza tegishli talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran 10 kundan kechiktirmay daʼvogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi va unga buning uchun 10 kundan oshmaydigan muddat beradi.
Bundan tashqari, mazkur Kodeksga kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrmasdan qoldirish hamda kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish bilan bogʻliq asoslar kiritildi.
Qonun bilan Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga ham qoʻshimchalar kiritildi.
Jumladan, taraflarning kelishuv bitimi tuzish huquqi belgilandi. Unga koʻra:
taraflar maʼmuriy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida va sud hujjatini ijro etish jarayonida nizoni kelishuv bitimini tuzgan holda toʻliq hajmda yoki qisman hal etishi mumkin;
taraflarning kelishuvi faqat ularning nizoli ommaviy huquqiy munosabatlar subyekti sifatidagi huquq va majburiyatlariga taalluqli boʻlishi hamda taraflarning oʻzaro yon berishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkin;
kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va uni tuzgan shaxslar tomonidan imzolanadi;
kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan deb hisoblanadi.
Shuningdek, kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq, maʼmuriy sud ishlarini yuritish sudning faol ishtiroki asosida amalga oshiriladi.
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, arizalari, iltimosnomalari, ular tomonidan taqdim etilgan dalillar va ishning boshqa materiallari bilan cheklanmasdan maʼmuriy ishning toʻgʻri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, toʻliq va xolisona tekshiradi.
Sud oʻz tashabbusi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi boʻyicha qoʻshimcha dalillar toʻplaydi, shuningdek maʼmuriy sud ishlarini yuritish vazifalarini hal qilishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajaradi.
Shuningdek, sudga arizachi ariza (shikoyat) bilan bir qatorda arizada koʻrsatilgan talablarga sababiy bogʻlanishda boʻlgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabni ham taqdim etishga haqli.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, zararlarning oʻrnini qoplash haqidagi arizalar (shikoyatlar) boʻyicha talab summasining 2 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda davlat boji undiriladi.
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi
bosh maslahatchisi
Lazizbek ASQAROV
Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi
Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-829-son Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun bilan Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi.
Ushbu Qonunga asosan, Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga, umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga oʻz huquqlarini amalga oshirishida toʻsqinlik qilish, shaxsiy narsalariga qasddan shikast yetkazish, shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish uchun quyidagi javobgarlik belgilandi:
– BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoq. Ularni doʻpposlash esa 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa sabab boʻladi.
Mazkur harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takror sodir etilsa jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Javobgarlik – BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarimadan boshlanib 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha.
Yuqoridagi shaxslarni doʻpposlash, ularga tan jarohati yetkazish
2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Oilaviy zoʻravonlik ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa (masalan, homiladorga, oʻta shafqatsizlik bilan, ikki yoki undan ortiq shaxsga va hk. shikast yetkazish), jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarsa (masalan, koʻrish, soʻzlash qobiliyatini yoʻqotish, oʻlim), 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab boʻladi.
Ilgari mazkur harakatlar uchun umumiy moddalarga (badanga shikast yetkazish) asosan javobgarlikka tortilgan.
2. Shilqimlik qilish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Unga koʻra, shaxsga nomaqbul hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga yoki 5 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa sabab boʻladi.
Ilgari mazkur harakatlar uchun javobgarlik belgilanmagan.
3. Aliment toʻlamagan shaxs majburan ishlatilib, puli bolalari taʼminotiga yoʻnaltiriladi.
Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi kiritildi. U sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha muddatga tayinlanadi.
Maʼlumki, aliment qarzdorligi jiddiy muammoga aylangan. Aliment toʻlamay yurgan shaxslarni 15 sutkaga qamash yoki jarimaga tortish mumkin. Biroq aksariyat hollarda bundan aliment oluvchiga umuman naf yoʻq.
Aksincha, qamoqqa olingan aliment toʻlovchi 15 sutka ishlab pul topish imkoniyatidan mahrum boʻladi, jarima jazosi esa uning ahvolini yanada ogʻirlashtiradi.
Endi ular majburiy jamoat ishlariga ham jalb etiladi va ish haqining teng yarmi alimentga ushlab qolinadi.
3. Ayol kishini “abort” qilishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Ayolni abortga majburlash uchun javobgarlikning quyi chegarasi – BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarimadan boshlanib yuqori chegarasi – 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.
Ilgari javobgarlik BHMning 50 baravarigacha jarimadan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha edi.
4. Jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar taʼlim-tarbiya tashkilotlarida ishlashi taqiqlandi.
Qasddan odam oʻldirgan, 18 yoshga toʻlmagan shaxs nomusiga tekkan, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirgan, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilgan, terrorizm uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar taʼlim, tarbiya, bolalar sogʻlomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʻullanishi taqiqlandi.
Ilgari mazkur cheklovlar mavjud boʻlmagan.
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi
Lazizbek ASQAROV
Kadastr pasportini shakllantirish qaysi holatlarda rad etilishi haqida bilasizmi?
Hukumatning 535-son qarori (https://lex.uz/docs/-4977684) bilan tasdiqlangan Ko‘chmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq
quyidagilar kadastr pasporti berishni rad etish uchun asos bo‘ladi:
belgilangan muddatda tegishli to‘lov miqdori to‘lanmasligi;
so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi;
ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi;
ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan manzilda bo‘lmagan taqdirda;
vakolatli organ tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘chmas mulk obyektiga taqiq yoki xatlov qo‘yilganligi.
Kanalga ulanish
https://t.me/adliya_fargona
Iste’molchilar elektr tarmoqlariga ulanish uchun qayerga murojaat qilishlari lozim?
Bugungi kunda elektr energiyasini o‘lchash vositasi va tizimini plombalash va elektr ta’minoti shartnomasini tuzish uchun fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra:
Davlat xizmatlari markazlari
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)
“ELEKTR” dasturiy ta’minoti (Onlayn platforma) (https://hetk.uz/oz/service/all-services) orqali murojaat qilishlari mumkin.
Hukumatning 555-son qarori (https://lex.uz/docs/-5614095) bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti 11-bandida iste’molchilar elektr tarmoqlariga ulanish uchun “ELEKTR” dasturiy ta’minoti (Onlayn platforma) (https://hetk.uz/oz/service/all-services) orqali davlat xizmatidan elektron tarzda murojaat etganda yig‘im undirilmasligi belgilangan.
Kanalga ulanish
https://t.me/adliya_fargona
Ish beruvchi xodimning arizasiga ko‘ra quyidagi hujjatlarni 3 ish kunidan kechiktirmay berishi shart:
ishga qabul qilish to‘g‘risidagi, boshqa ishga o‘tkazish haqidagi buyruqlarning ko‘chirma nusxalari;
mehnat daftarchasidan yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmalarni;
ish haqi to‘g‘risidagi, hisoblangan hamda xodim tomonidan haqiqatan to‘langan soliqlar va yig‘imlar haqidagi, mazkur ish beruvchida ishlash davri to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni va boshqalarni.
Mazkur hujjat nusxalari tashkilot rahbarining yoki boshqa vakolatli shaxsning imzosi, shuningdek muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Ish bilan bog‘liq hujjatlar va ularning ko‘chirma nusxalari xodimga bepul beriladi (https://lex.uz/docs/-6257288).
kanalga ulanish
https://t.me/adliya_fargona
Xabaringiz bor fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalari
✅tugʻilish
✅ nikoh
✅oʻlim
✅nikohdan ajratishni qayd etish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.
Xoʻsh, xizmatlardan eksterritorial tamoyil asosida foydalanish oʻzi nima?
Eksterritorial tamoyil - yashash joyingizdan qatʼiy nazar, yuqorida qayd etilgan davlat xizmatlarini istalgan FHDY boʻlimidan olish imkoniyati.
Yaʼni, Siz xizmat safari yoki biror yumush bilan Toshkentga yoinki respublikamizning boshqa hududiga tashrif buyurdingiz va u yerda Sizga FHDY xizmatlariga zarurat tugʻildi. Avvalgidek, roʻyxatdan oʻtgan joyingizdagi FHDY boʻlimiga qaytib borib, vaqt va naqdingizni sarflamay, hozir boʻlib turgan joyingizdagi istalgan FHDY boʻlimiga murojaat qilgan holda xizmatlardan foydalanishingiz mumkin.
https://t.me/adliya_fargona
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuchga kirdi.
"Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni tarixda ilk bor 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali qabul qilindi.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining toʻliq matni bilan ushbu havola (https://lex.uz/docs/-6445145) orqali tanishing.
https://t.me/adliya_fargona