Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234-moddasida majburiyat tushunchasiga quyidagicha ta'rif berilgan. Majburiyat bu muayyan fuqarolik huquqiy munosabatdan iborat bo‘lib, uning amal qilishi orqali bir shaxs (qarzdor) ikkinchi shaxs kreditor foydasiga ma'lum bir harakatni bajarishi, mol-mulkni topshirishi, ishni bajarishi, xizmat ko‘rsatishi, pul to‘lashi yoki biror harakatni bajarishdan tiyilishi zarur bo‘lgan holatga aytiladi.
Majburiyat taraflari bo‘lib, fuqarolik huquqiy munosabatlarning barcha ishtirokchilari: fuqarolar(jismoniy shaxslar), yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasining o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qatnashishi mumkin.
Qonunchiligimizda majburiyatlar bajarilishini ta'minlash maqsadida Fuqarolik kodeksining 259-moddasida majburiyatlar bajarilishi ta'minlanishining oltita eng ko‘p qo‘llaniladigan usullari qayd etib o‘tilgan.
Xususan, neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini xatlash, kafillik, kafolat, zakalat hamda qonun hujjatlarida belgilangan yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa usullar bilan ta'minlanishi mumkin.
Majburiyatni ta'minlashning u yoki bu usulining o‘ziga xos xususiyatlarini va uning muayyan vaziyatlarga nisbatan qo‘llash imkoniyatlarini hisobga olish lozim bo‘ladi.
Aytaylik neustoyka va zakalat bir vaqtning o‘zida fuqarolik-huquqiy javobgarlikning choralarini ifodalaydi va ular sifatida qarzdorni haqiqatan amalga oshadigan javobgarlikni qo‘llash xavfi ostida majburiyatlarni shunday usulda bajarishga undaydi.
Negaki neustoyka yoki penyani undirish kreditordan unchalik jiddiy va murakkab qiyinchilikni talab etmaydi. Masalan, qachonki ularning hajmini asoslash va isbotlash lozim bo‘lgan zararlarni qoplash holatida.
Garov, kafillik, bank kafolati kreditor uchun qarzdor tomonidan ular ta'minlagan majburiyatni buzgan hollarda uning talablarini qondirish ehtimolini oshiradi. Majburiyatni ta'minlash usulini tanlash ko‘p jihatdan unig tub ma'nosiga bog‘liqdir. Misol uchun, qarz shartnomasi yoki kredit shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar uchun garov, bank kafolati va kafillik eng ahamiyatli bo‘lib ko‘rinadi.
Majburiyatlarni sanab o‘tilgan har qanda usullaridan biri bilan ta'minlash ham kreditor bilan qarzdor (yoki qarzdorning majburiyatini ta'minlaydigan boshqa shaxs) orasida majburiyatlar huquqiy munosabatini vujudga keltiradi.
Furqat tuman adliya
bo‘limi bosh maslahatchisi
S.Dexqonov
O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 16 oktyabrda qabul qilingan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari tashkil etilgan bo‘lib, mazkur agentlik
ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha,
ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi tijorat tashkiloti hisoblanadi.
Xususiy bandlik agentligi oliy maʼlumotli rahbarni qo‘shib hisoblaganda kamida ikki nafar xodimga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi.
Xususiy bandlik agentligi O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar xususiy bandlik agentligi va ish qidirayotgan shaxs o‘rtasida tuzilgan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida ko‘rsatiladi hamda quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish masalasi bo‘yicha chet ellik sheriklar bilan o‘z vakolatlari doirasida muzokaralar (suhbatlar) o‘tkazish, shartnomalar, bitimlar va bayonnomalarning loyihalarini tayyorlash;
ehtimol tutilgan ish beruvchilarni qidirish, xorijiy mamlakatlarning mehnat bozorini o‘rganish asosida bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarga axborot taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat faoliyatini amalga oshirishni xohlayotgan shaxslar haqidagi axborotni faqat ularning roziligi bilan chet ellik ish beruvchilar o‘rtasida tarqatish;
ish qidirayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun dastlabki tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashiladigan mamlakatda bo‘lish qoidalari, mehnat sharoitlari, ijtimoiy va uy-joy-maishiy taʼminoti, chet ellik ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini tuzishning huquqiy jihatlari haqida xabardor qilish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslar bilan ish beruvchilar o‘rtasida mehnat shartnomalarini tuzishga ko‘maklashadi.
2020 yil 13 avgustda “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilingan.
Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haqni ish qidirayotgan shaxslardan emas, balki ish beruvchilardan undirish belgilandi.
Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklariga ular tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani “labor-migration” axborot tizimida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yuklatilgan.
Maʼlumot uchun:
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikada jami xususiy bandlik agentliklari reyestriga 114 ta xususiy bandlik agentliklari kiritilgan bo‘lib, shundan litsenziya berilgan agentliklar soni 9 tani, arizasi rad etilgan agentliklar soni 4 tani, litsenziyasi bekor qilinganlar soni esa 71 tani tashkil etadi.
O.QO‘CHQOROV
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi
yetakchi maslahatchisi
Mamlakatimizda sug‘urta faoliyatini takomillashtirish maqsadida tizimli ravishda islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, 2021-yil 23-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi Qonunning qabul qilinishi ham ana shunday islohotlarning uzviy davomi boʻldi.
Maʼlumki, sug‘urta muayyan voqea (hodisa) yuz berganda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun maqsadli pul jamg‘armalarini tashkil etish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoya qilishga doir munosabatlarni o‘z ichiga oladi.
Sug‘urta tashkilotlarining faoliyati iqtisodiyotning boshqa turdagi faoliyatlarini olib boruvchi tashkilotlar faoliyatidan keskin farq qiladi.
Chunki, sug‘urta tashkilotlari taqdim etadigan xizmat ya’ni sug‘urta himoyasi o‘ziga xos tovar bo‘lib, iste’molchi undan foydalanishi yoki foydalanmasligi muayyan voqea va hodisaga bog‘liq bo‘ladi.
Sug‘urta shartnomasida keltirib o‘tilgan muayyan voqea-hodisa natijasida sug‘urtalanuvchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetgan taqdirda uning mulkiy manfaatlarini himoya qilish asosida yetkazilgan zararni qoplash bu sug‘urta xizmatining asosiy tamoyilini ko‘rsatib beradi, bu esa sug‘urtachilar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.
Sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi sug‘urta faoliyatini yanada takomillashtirilishiga muhim qadam boʻldi.
Sug‘urta quyidagi tarmoqlarga bo‘linadi:
1. Hayotni sug‘urta qilish (jismoniy shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati va pul ta’minoti bilan bog‘liq manfaatlarini sug‘urta qilish);
2. Umumiy sug‘urta (shaxsiy, mulkiy sug‘urta, javobgarlikni sug‘urta qilish hamda hayotni sug‘urta qilish sohasiga taalluqli bo‘lmagan boshqa sug‘urta turlari).
Sug‘urta ixtiyoriy va majburiy sug‘urta shakllarida amalga oshiriladi.
Sug‘urta qildiruvchilar, sug‘urtalangan shaxslar va naf oluvchilar to‘g‘risidagi, sug‘urta qildiruvchilar hamda sug‘urtalangan shaxslar sog‘lig‘ining holati, sug‘urtalangan mol-mulk, sug‘urta summasi haqidagi, bank hisobvaraqlarining mavjudligi, ushbu hisobvaraqlardagi pul qoldiqlari va pul harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlar sug‘urta siri hisoblanib, ularni oshkor etilmasligi belgilangan.
Qonunga ko‘ra, sug‘urta xizmatlarining iste’molchilari sug‘urtalovchini
va sug‘urta xizmatlarini tanlashda erkindir.
Sug‘urtalovchilar iste’molchining talabiga binoan unga sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish shartlari bilan tanishish imkoniyatini taqdim etishi shart.
Sug‘urtalovchi shaxsni sug‘urta xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanish sharti sifatida sug‘urtalovchining yoxud o‘zga uchinchi shaxsning boshqa sug‘urta xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanishga majburlamasligi kerak.
Xulosa qilib aytganda ushbu qonun sug‘urta faoliyatining samaradorligini
oshirishga qaratilgan boʻlib, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoya qilish institutini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishiga zamin yaratadi.
Fargʻona viloyat adliya
boshqarmasi boʻlim boshligʻi
I.Abdullayev
Mamadaliyeva Gulasal Axmadjon qizining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish haqidagi murojaati Fargʻona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi tomonidan koʻrib chiqilib 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligini hamda Oʻzbekiston Respublikasida kamida oʻn besh yil doimiy yashab kelayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmaganligi sababli sudga murojaat qilishi haqida javob xati taqdim qilingan.
G.Mamadaliyevaning murojaati Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi tomonidan koʻrib chiqilib uning manfaatini koʻzlab fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga “Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni aniqlash haqida” ariza kiritildi.
Sudning 2022-yil 7-martdagi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilib, Mamadaliyeva Gulasal Axmadjon qizining 2000-yil 12-fevraldan buyon Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab kelganlik fakti belgilandi.
Sudning ushbu hal qiluv qarori Mamadaliyeva Gulasal Axmadjon qiziga Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinishi huquqini beradi.
Fayzullo Mamajonov, Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini
himoya qilish boʻlimi boshligʻi,
1-darajali yurist
Adliya vazirligi hamda Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi barcha yurtdoshlarimizni yangilanish va yasharish ayyomi, 21-mart – Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etadi!
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda lex.uz milliy qonunchilik bazasining yangilangan versiyasi yuzasidan joriy yilning 16-mart kuni Farg‘ona viloyat yuridik texnikumi binosida o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.
Mazkur seminarda viloyat adliya boshqarmasining markaziy apparati xodimlari, viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimlari, tuman (shahar) adliya bo‘limlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, shuningdek, hokimliklar yuriskonsultlari ishtirok etishdi.
Shuningdek, seminarda yig‘ilish ishtirokchilariga “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi faoliyati haqida, lex.uz milliy qonunchilik bazasining yangilangan versiyasi hamda uning imkoniyatlari tog‘risida tushuntirishlar berildi hamda dasturdan foydalanish jonli tarzda amaliy misollar bilan ko‘rsatib berildi.
Joriy yilning 16-mart kuni Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni mazmun-mohiyatini yetkazish yuzasidan viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Fargʻona viloyat boshqarmasi va uning tuman (shahar)lardagi mutaxassislari, Musulmonlar idorasi vakillari, diniy tashkilotlar imom-xatiblari va imom-noiblari ishtirokida seminar oʻtkazildi.
Tadbir avvalida Qonun bilan har bir insonning vijdon erkinligini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganligi, uning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminarda asosiy eʼtibor diniy tashkilotlar faoliyatida Qonun va soha boʻyicha boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi, masjid imom-xatiblari va imom-noiblarining aholi orasida, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻida chiqishlarida amaldagi qonunchilik va ustav talablariga qatʼiy rioya etilishiga qaratildi.
Tadbirda diniy tashkilotlar imom-xatiblari mazkur sohada oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Yakunda tadbir ishtirokchilariga Qonun talablari aks ettirilgan flayer va bukletlar tarqatildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda notariat institutining samarali faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifati darajasini oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Qonunchilikda turli sabablarga ko‘ra, notarial harkatni amalga oshirish uchun notarial idoraga kelish imkoniyati yo‘q fuqarolarga notarial harakatlarni sayyor tartibda, yaʼni ularning turgan joyida amalga oshirish imkoniyati ham yaratilgan.
Bunday imkoniyat yaratilganligining ahamiyati shundaki, fuqarolarga o‘z vaqtida, tezkor va qulay sharoitda, ularga ortiqcha sarsongarchiliklarsiz professional huquqiy xizmat ko‘rsatilishini taʼminlashdan iborat.
“Notariat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 30-moddasiga asosan notarial harakatlar notarial idoralarning binolarida amalga oshiriladi.
Fuqaro kasalligi, nogironligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra notarial idoraga bora olmaydigan ayrim hollarda notarial harakatlar mazkur fuqaro turgan joyda amalga oshirilishi mumkin.
Notarial harakatlar notarial idora binosidan tashqarida bajarilsa, hujjatning tasdiqlovchi yozuvida notarial harakat amalga oshirilgan joyning manzili ko‘rsatiladi va notarial harakatni amalga oshirish hamda imzolash jarayoni majburiy audio va video qayd etiladi.
Shu o‘rinda notarial harakatlarni sayyor tartibda amalga oshirishning afzalliklariga ham to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.
Jumladan,
- mazkur holatda fuqaroga o‘zi turgan joyida huquqiy xizmat ko‘rsatiladi, yaʼni notarius fuqaroning turgan joyiga borgan holda notarial harakatni rasmiylashtiradi;
- bunda fuqaroning kasalligi, nogironligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra notarial idoraga bora olmaydigan ayrim hollar inobatga olinadi.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga asosan, notarial idora binosidan tashqarida amalga oshiriladigan notarial harakatlar uchun davlat boji ikki baravar miqdorda undiriladi, bundan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarida notariuslarning sayyor qabullari chog‘ida amalga oshiriladigan notarial harakatlar, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning ishonchnomalarini notarial tartibda tasdiqlash mustasno.
Hozirda fuqarolar notarius xizmatidan elektron tarzda foydalanishlari ham mumkin. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud “E-notarius.uz” axborot portali orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratilgan.
Mazkur portal orqali yuridik va jismoniy shaxslar notarius qabuliga yozilishi, notariusni qidirishi, elektron murojaat yo‘llashi, xizmatlar bo‘yicha maʼlumotlar olishi, notariuslar reytingi va boshqa ochiq maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin.
Murojaat qiluvchining elektron tarmoq orqali notarius qabuliga yozilish bo‘yicha yo‘llangan murojaatlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini navbatma-navbat qayd qilish elektron ro‘yxatiga avtomatik tarzda qayd qilinadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xulosa qilish mumkinki, hozirda qonunchilikda notarial harakatlardan notarial idoraga shaxsan borgan holda, masofadan turgan holda va turgan joyidan turgan holda foydalanish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, yuridik va jismoniy shaxslarga masofaviy notarial xizmatlarning ahamifti va afzalliklarini huquqiy jihatdan tushuntirish va ularni doimiy xabardor qilib borish lozim bo‘ladi.
Buning natijasida yuridik va jismoniy shaxslarning qimmatli vaqti, mablag‘i tejalishigi erishiladi hamda notarial idoralarda ortiqcha navbatlarning ko‘payishi oldi olinadi.
Farg‘ona shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Tursunaliyev G‘olibsher G‘anisher o‘g‘li
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022-yil
17-yanvarda “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 26-son qaror qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
“Mehr daftari” tizimi — yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning muammolarini oʻrganish hamda hal etish, ularning
orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga hamda jamiyatga ijtimoiylashuviga koʻmaklashish, ularni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarni ragʻbatlantirish, shuningdek bolalarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlish sabablarini har tomonlama oʻrganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish va ularning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan tizimdir.
Quyidagilar “Mehr daftari” jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning muammolarini hal etish, isteʼdodli bolalarni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashish;
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni hayotga tayyorlash, ularning taʼlim-tarbiyasini tashkil etish, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash;
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, ayniqsa nogiron va surunkali kasalliklari boʻlgan bolalarning sogʻligini tiklash va saqlash;
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning kommunal toʻlovlar boʻyicha qarzdorliklarini qoplash;
• bolalarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlish sabablarini oʻrganish natijasiga koʻra aniqlangan muammolarini bartaraf etish va ularning oldini olish;
• yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarni ragʻbatlantirish;
• qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshqa xarajatlarni qoplash.
“Mehr daftari” tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni
qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Oʻquv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shuʼbalari “Mehr daftari”ni shakllantirishga masʼul hisoblanadi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni “Mehr daftari”ga kiritishning axborot tizimi amaliyotga joriy etilishi, joriy yilning
1-fevralidan boshlab “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga oid maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali aniqlash yoʻlga qoʻyildi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar 25 yoshga toʻlganda tegishli tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish shuʼbasi tomonidan tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq “Mehr daftari”dan chiqariladi.
Bunda “Mehr daftari”dan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi taʼminlangan va uy-joyi mavjud boʻlishi shart. “Mehr daftari”dan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi taʼminlanmagan holatlarda, ularning bandligini taʼminlash uchun “Yoʻl xaritasi” tuziladi hamda “Mehr daftari” hisobida turish muddati bandligi taʼminlangunga qadar, biroq 5 yildan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytiriladi.
“Mehr daftari” yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning muammolarini oʻrganish hamda hal etishga, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashadi.
Fayzullo Mamajonov,
boshqarma Inson huquqlarini
himoya qilish boʻlimi boshligʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning fevral-mart oylari "Xotin-qizlar huquqlari boʻyicha dolzarb ikki oy" deb eʼlon qilinganligi hamda texnikum direktorining 7 fevraldagi "Xotin-qizlar huquqlari boʻyicha dolzarb ikki oyligini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirdar dasturining 2-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida "Xotin-qizlar faolligi-jamiyat farovonligi" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatiga Fargʻona shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muofiqlashtirish boshqarmasi "Huquqbuzarliklar profilaktikasi" guruhi aʼzolari katta inspektor-leytenanti N.Maxammadiyeva hamda R.Xasanova,Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi "Huquqiy targʻibot" boʻlimi xodimi E.Olimov ishtirok etdilar.
Suhbat davomida xotin-qizlarga oid huquqiy hujjatlarning mazmun mohiyati, ularning amal qilishi va xayotda tadbiq etilishi, ayollar oʻrtasida jinoyatchiliklarni olidini olishda profilaktik chora-tadbirlar gender tenglik va boshqa mavzularda oʻquvchi-qizlar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga tegishlicha javob oldilar.
Bunday suhbat va tadbirlar oʻquvchilarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshrishga xizmat qilib kelmoqda.