Bog'lanish

Telefon
(+998 73) 244-55-28

Elektron manzil
fargona@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Yangiliklar

25
FARGʻONA VILOYATI AHOLISI DIQQATIGA NAVBATDAGI EʼLON!

Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi binosi joylashgan  Fargʻona shahar, B.Margʻinoniy koʻchasi, 149-uyda 2021-yilning 28-iyun kunidan rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari boshlanishi belgilangan.
Shunga koʻra, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari  yakunlanguniga qadar boshqarma vaqtinchalik oʻz faoliyatini Fargʻona viloyat yuridik texnikumi binosi joylashgan
Fargʻona shahar, A.Navoiy koʻchasi, 18-uyda
(moʻljal: Doʻstlik hamda “AZIA” mehmonxonlari roʻparasida) olib borishi maʼlum qilinadi.

18
Fargʻona viloyati qurilish bosh boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

Fargʻona viloyati qurilish bosh boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoni  mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
       Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Fargʻona viloyat hokimligining 2021-yil 14-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8-iyundagi PF–6243-son “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini aholi va ijrochilarga yetkazish boʻyicha manzilli targʻibot tadbirlarini tashkil qilish boʻyicha Reja-grafigi asosida joriy yilning 16-iyun kuni Qurilish bosh boshqarmasi binosida boshqarma markaziy apparati, 19 ta tuman va shahar boʻlim boshliqlari, Fargʻona XETK AJ, Hududgaz Fargʻona, Fargʻona suv taʼminoti va OAV vakillari jami 45 nafar xodimlar uchun targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
     Tadbirda adliya boshqarmasi hodimlari tomonidan tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8-iyundagi PF–6243-son Farmoni mazmun-mohiyati hamda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 24-maydagi “Fermerga madad” huquqiy aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi bilan joriy yil iyun-dekabr oylarida respublikamiz boʻyicha “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi doirasida fermerlarga qonunlikda berilgan huquqlar, imtiyozlar va preferensiyalar bilan tanishtirish yuzasidan koʻrgazmali vositalar yordamida batafsil tushuntirishlar berildi.
      Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Farmon va Aksiya yuzasidan berilgan barcha savollarga viloyat adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.
       Ushbu targʻibot tadbirlari ijrochilar, keng aholi qatlami hamda fermerlarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish, ularni huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

27
Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da qanday chora-tadbirlar nazarda tutilgan

Qarorga koʻra, Konsepsiyaning maqsad va vazifalari quyidagi 4 bosqichda amalga oshiriladi:
.  yoshlar sohasida mavjud muammolarni aniqlash;
.  muammolarni hal etishga qaratilgan aniq yechimlarni ishlab chiqish;
. aniqlangan muammolarni hal etish choralarini koʻrish va ishlab chiqilgan takliflarni amalga oshirish;
. muammolarning hal etilishi va takliflarning amalga oshirilishi samaradorligini monitoring qilish.
Qaror bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq, “Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonunini qabul qilish nazarda tutilgan.
Konsepsiyani amalga oshirish natijasida, jumladan:
maktablarda 7-sinf oʻquvchilarining kasblar kesimida qiziqishini aniqlash,
8-9-sinf oʻquvchilarini zamonaviy va istiqbolli kasblar bilan tanishtirib borish,
10-sinfdan oʻquvchilarni davlat va nodavlat oʻquv markazlari yordamida kasbga oʻrgatish va ularning xarajatlarini “vaucher” tizimi orqali qoplab berish mexanizmi yaratiladi;
madaniyat va sanʼat bilan muntazam shugʻullanadigan yoshlar soni 30 foizga oshirilib, ularning xalqaro tanlov va festivallardagi ishtiroki 40 foizga yetkaziladi;
yoshlarning 30 foizi ommaviy sport turlari bilan muntazam shugʻullanishiga erishiladi;
respublikada 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalarning 80 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olinadi;
barcha hududlarda IT-parklar barpo etiladi, tuman(shahar)larda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etiladi, “Bir million oʻzbek dasturchi” loyihasi asosida 200 mingga yaqin yoshlar oʻqitiladi;
volontyorlik faoliyatining institutsional tuzilmalari yaratiladi;
Konsepsiya, erishilgan natijalardan kelib chiqqan holda, 2023-yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan tegishli “yoʻl xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
                O.Ahmedov
Huquqiy xizmat koʻrsatishni davlat tomonidan
tartibga solish boʻlimi boshligʻi

20
SOLIQ TEKSHIRUVLARINI TASHKIL ETISH VA OʻTKAZISH TARTIBI BELGILANDI

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil  7-yanvardagi 1-son qarori bilan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, soliq organlari quyidagi soliq tekshiruvlarini oʻtkazadi:
  kameral soliq tekshiruvi;
  sayyor soliq tekshiruvi;
   soliq auditi.
Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
soliqqa oid qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi boʻlganida;
taqdim qilingan soliq hisobotida tafovut yoki xatolar aniqlanganida.
Mazkur tekshiruv soliq organi rahbarining buyrugʻi asosida,
60 kundan oshmagan muddatda oʻtkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvi 10 kundan ko’p bo’lmagan muddatda oʻtkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvida hujjatlar va buyumlarni tungi vaqtlarda (23.00 dan 06.00 ga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida) olib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Soliq auditi quyidagi soliq toʻlovchilarda oʻtkaziladi:
soliq tavakkalchiligining yuqori toifasiga mansub boʻlgan;
kameral soliq tekshiruvi natijasi boʻyicha soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan hisobotni taqdim etmasa;
ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslarda;
soliq toʻlovchilarning jinoiy ishlar boʻyicha moliya-xoʻjalik faoliyati taftish qilinish doirasida;
faoliyatini toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar.
Sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarni tekshirish bundan mustasno.
Soliq tekshiruvlarini oʻtkazishda soliq organlari mansabdor shaxslari quyidagilarga majbur:
sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishda:
soliq toʻlovchiga oʻz xizmat guvohnomasini koʻrsatish;
soliq toʻlovchini soliq tekshiruvi maqsadi, uning huquqlari va majburiyatlari bilan tanishtirish;
soliq tekshiruvini tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqning bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etishi;
oʻtkazilgan soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha soliq tekshiruvi dalolatnomasini tuzish va bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etish;
oʻtkazilgan soliq tekshiruvlarining natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimiga kiritilishini taʼminlash;
soliq auditi boshlangunga qadar:
soliq toʻlovchini yoki uning vakilini soliq tekshiruvi maqsadi bilan tanishtirish, unga oʻz xizmat guvohnomasi koʻrsatish;
soliq tekshiruvini tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqning bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etish;
soliq toʻlovchining huquq va majburiyatlarini tushuntirish.
Soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror olingan kundan eʼtiboran oʻn kun muddatda moliyaviy sanksiyalar summasi ixtiyoriy ravishda toʻlanganda jarima miqdori Soliq kodeksi 28-bobining tegishli moddasida belgilangan miqdorga nisbatan ikki baravarga kamaytiriladi.
Texnik talablarga javob bermaydigan nazorat-kassa texnikasi mavjudligi aniqlangan taqdirda, sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan belgilangan tartibda bayonnoma tuziladi va ushbu nazorat-kassa texnikasi ekspertizadan oʻtkazish uchun vaqtincha olib qoʻyiladi.
Sayyor soliq tekshiruvida soliq toʻlovchining faoliyatining toʻxtab qolishiga olib keladigan hujjatlar va buyumlarni (nusxalari, shuningdek, asl nusxalari), shu jumladan elektron hujjatlari, predmetlarini (tovarlar, buyumlar, xom ashyolar, materiallar va yarim tayyor mahsulotlar namunalari) olib qoʻyish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Soliq organlari soliq auditi oʻtkazilishi boshlanishidan kamida oʻttiz kalendar kun oldin soliq toʻlovchiga soliq auditi oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud boʻlmagan tijorat tashkilotlarida soliq auditi oʻtkazilmaydi.
Solik toʻlovchi soliq tekshiruvi natijasida qabul qilingan qarorni ixtiyoriy tartibda bajarmagan hollarda soliq organi tomonidan mustaqil ravishda Soliq kodeksining 120-124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda soliq qarzlarini undirish amalga oshiriladi.
Mazkur Nizom talablariga asosan oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvlari natijalari boʻyicha soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida soliq organlariga maʼlumot bergan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi Davlat soliq qoʻmitasining buyrugʻi asosida belgilanadi.

Fayzullo Mamajonov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada
huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish boʻlimi yetakchi maslahatchisi

17
XODIMLAR MALAKASINI BAHOLASH TIZIMI TAKOMILLASHTIRILDI

Maʼlumki, mehnat bozoridagi talab va malakali kadr tayyorlash tizimining oʻzaro bir-biriga mos boʻlishi, oddiy aytganda talab va taklifning bir-biriga muvofiq boʻlishi jamiyat rivojlanishi barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi ham bu sohadagi muhim bosqichlardan biri boʻldi.
Qarorda хizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini takomillashtirishga asosiy eʼtibor qaratildi.
Bunda har bir lavozim va kasb boʻyicha malaka doirasiga muvofiq malaka darajasiga talablar kiritilishi;
lavozim va kasblarni Mashgʻulotlarning Xalqaro Standart Klassifikatori (MXSK — 2008) bilan muvofiqlashtirish;
ishchi kasblar uchun tarif razryadlarining oraligʻini belgilash nazarda tutildi.
Shu munsabat bilan Klassifikatorni yangi tahrirda ishlab chiqish va Oʻzbekiston davlat standarti shaklida roʻyxatdan oʻtkazish vazifasi belgilandi.
Qaror bilan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha tegishli malaka darajasiga erishish yoʻllarining moslashuvchanligi va xilma-xilligini taʼminlovchi Malaka darajalariga erishish sxemasi tasdiqlandi.
Klassifikatorda belgilangan har bir lavozim va kasb boʻyicha taʼlim va malaka darajasiga qoʻyiladigan talablar Malaka darajalariga erishish sxemasiga muvofiq tegishli lavozim (kasb)ning malaka darajasidan kelib chiqqan holda ish beruvchilar tomonidan mustaqil belgilanishi, har bir xodimning malaka darajasini aniqlashda nafaqat uning maʼlumoti, balki kasbiy tajribasi, bilimlari hamda shaxsiy va ishbilarmonlik fazilatlari ham hisobga olinishi, xodimlarning ish haqini belgilashda ularning malaka darajasi hisobga olinishi belgilandi.
Mazkur qarorga asosan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha kengash, hududiy kengashlar va tarmoq kengashlari tashkil etilishi hamda ularning vazifalari belgilab berildi.
Xususan, hududiy kengashlarga kasbiy standartlar, tarmoq malakalar doiralari va malaka talablarining ishlab chiqilishi hamda yangilab borilishini tashkil etish;
malaka va bilimlarni baholash milliy tizimining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash;
malaka va bilimlarni, nafaqat shaxs tomonidan olingan taʼlim, balki uning kasbiy tajribasi, koʻnikmalari hamda shaxsiy va ishbilarmonlik xususiyatlarini inobatga olgan holda tan olish, validatsiya va akkreditatsiya (sertifikatsiya) qilishning moslashuvchan, shaffof va xolisona mexanizmlarini joriy etish;
ish beruvchi talablarining taʼlim dasturlari mazmuni bilan oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish orqali taʼlimning sifatini oshirish kabi vazifalar yuklatildi.
Oʻz navbatida tarmoq kengashlariga ham mehnat bozori monitoringi asosida tarmoqlarning malaka va bilimlarga ehtiyojlari va tendensiyalarini aniqlash, kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish, tarmoq malakalar doiralari va kasbiy standartlardan kelib chiqqan holda Klassifikatorni takomillashtirish hamda mehnatga haq toʻlashga oid meʼyorlarni aniqlash boʻyicha takliflar tayyorlash kabi vazifalar yuklatildi.
Endilikda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har chorakda tarmoq va hududiy kengashlar bilan birgalikda malakalarni baholash tizimini joriy etish boʻyicha faoliyat natijalarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etib boradi. Bu borada vazirlikka bir qator huquqlar berildi.
Yana bir muhim jihat - Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika bandlik va mehnat muhofazasi ilmiy markazi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti etib qayta tashkil etildi va unga Kengashning ishchi organi vazifasi yuklatildi.
Mazkur institutda ishlash uchun xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan chet eldagi vatandoshlarni shartnoma asosida jalb qilish hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan ularning mehnatiga haq toʻlashga ruxsat berildi.
Qarorda bir qator imkoniyatlarni taʼminlovchi “profstandart.uz” kasbiy standartlarning yagona ochiq portalini ishlab chiqish va ishga tushirish vazifasi belgilandi.
Har yili kasbiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy standartlarni ishlab chiqish reja-grafigi tasdiqlash tartibi va talablari aniq belgilab berildi.
Yana bir ahamiyatga molik tomoni shundaki, 2021-yilga moʻljallangan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi yirik korxonalar huzurida malakalarni baholash markazlarini tashkil etish dasturi tasdiqlandi. Malakani baholash markazlari tomonidan beriladigan malaka pasportlari malaka doirasi darajalariga muvofiq lavozimlarni egallash va mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini berishi belgilab qoʻyildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-oktyabrdagi “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 795-son qarori 2021-yil 1-martdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanishi nazarda tutildi.
Xulosa oʻrnida, joylarda hududiy va tarmoq kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, kengashlar uchun belgilangan vazifalarning oʻz vatida bajarilishi albatta kelgusida qaror qabul qilinishidan koʻzlangan maqsadga, yaʼni mamlakatimizda inson kapitalini toʻlaqonli rivojlantirish, oliy va professional taʼlimning sifatini oshirish, mehnat bozorining rivojlanishi tendensiyalarini inobatga olgan holda, aholining keng qatlamlarini talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish hamda malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish uchun shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
A.Zulfiqorov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada
huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish boʻlimi boshligʻi

11
Нодавлат нотижорат ташкилотлар иштирокида навбатдаги тадбир

Жорий йилнинг 11 май куни Фарғона вилоят адлия бошқармаси томонидан жиноий фаолиятдан олинган даромадларни легаллаштиришга, терроризмни молиялаштиришга ва оммавий қирғин қуролини тарқатишни молиялаштиришга қарши курашиш соҳасидаги қонунчилик мазмун-моҳиятини нодавлат нотижорат ташкилотларига етказиш юзасидан семинар ўтказилди.
Тадбирда вилоятда фаолият юритаётган мустақил нодавлат нотижорат ташкилотлари раҳбарлари, ходимлари ҳамда Иқтисодий жиноятларга қарши курашиш Департаментининг Фарғона вилоят бошқармаси вакиллари иштирок этдилар.
Семинарда жиноий фаолиятдан олинган даромадларни легаллаштиришга, терроризмни молиялаштиришга ва оммавий қирғин қуролини тарқатишни молиялаштиришга қарши курашиш тўғрисидаги қонун ҳужжатларини
мазмун-моҳияти юзасидан атрофлича тушунтиришлар ва бугунги бу борада ваколатли давлат органи томонидан олиб борилаётган ишлар бўйича маълумот берилди.
Тадбирда нодавлат нотижорат ташкилотлари раҳбарлари ва ходимлари мазкур соҳада ўзларини қизиқтирган саволларга  жавоблар олдилар.

11
Иш юритишда лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига тўлиқ ўтилади !

Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2021 йил 10 февралдаги “Лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига босқичма-босқич тўлиқ ўтишни таъминлаш чора-тадбирлари тўғрисида”ги 61-сонли қарори қабул қилинди.
Мазкур қарор билан Лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига босқичма-босқич тўлиқ ўтишни таъминлаш бўйича “йўл харитаси” тасдиқланган. Шунингдек, Лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига босқичма-босқич тўлиқ ўтишни таъминлаш бўйича республика ишчи гуруҳи таркиби тузилган.
Ушбу “йўл харитаси”да 2021-2023 йиллар давомида мамлакатимизда Лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига босқичма-босқич тўлиқ ўтишни таъминлаш бўйича қуйидаги 21 та вазифаларни ўз ичига олган чора-тадбирларни амалга ошириш белгиланган.
Норматив-ҳуқуқий базани такомиллаштириш соҳасида:
•    Лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига босқичма-босқич тўлиқ ўтишни таъминлашга қаратилган норматив-ҳуқуқий ҳужжат лойиҳасини ишлаб чиқиш;
•    Лотин ёзувидаги ўзбек алифбосининг янги таҳрири асосида «Ўзбек тилининг имло қоидалари»ни тасдиқлаш бўйича Ҳукумат қарори лойиҳасини ишлаб чиқиш;
•    Норматив-ҳуқуқий ҳужжатлар лойиҳаларини тайёрлаш, юридик-техник жиҳатдан расмийлаштириш, келишиш ва киритиш тартибини белгилайдиган қонун ҳужжатларига лойиҳаларни лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосида тайёрлаш ва киритиш тартибини белгиловчи норматив-ҳуқуқий ҳужжат лойиҳасини (лойиҳаларини) ишлаб чиқиш;
•    Норматив-ҳуқуқий ҳужжатлар лойиҳаларини лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосидан келиб чиққан ҳолда, илмий лингвистик экспертизадан ўтказишнинг ташкилий-ҳуқуқий асосларини белгилаш;
•    Норматив-ҳуқуқий ҳужжатлар лойиҳалари муҳокамаси порталига (regulation.gov.uz) жойлаштириш учун тақдим қилинган лойиҳаларнинг давлат тили қоидаларига ҳамда «Норматив-ҳуқуқий ҳужжатлар тўғрисида»ги Қонун талабларига мувофиқлиги, шунингдек, лойиҳалар лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосида тайёрланганлиги текширилгандан кейин муҳокамага чиқариш тартибини жорий этиш;
•    Ўзбек тили алифбоси ва имло қоидалари асосида транслитерацияга мўлжалланган ахборот дастурий таъминотлар учун ягона талаб ишлаб чиқиш ва жорий этиш.
Алифбо ва имлони ўқитиш, тарғиб қилишни ташкил этиш соҳасида:
•    Лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбоси, имло қоидалари ва давлат тилида иш юритишни ўрганиш бўйича ўқув машғулотларини ташкил этиш;
•    Оммавий ахборот воситалари, Интернет тармоғида лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига тўлиқ ўтишнинг моҳиятини кенг аҳоли қатламига тушунтириш мақсадида махсус дастурлар ҳамда тарғибот чиқишларини изчил ташкил этиш.
Ўқув-услубий адабиётлар, қўлланмалар ва уларнинг электрон дастурий таъминотларини тайёрлаш ва тарқатиш соҳасида:
•    Таълим муассасалари учун ўқув қўлланмалар ва бошқа адабиётларни лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосида босқичма-босқич нашр этиб бориш;
•    Мактабгача ёшдаги болаларнинг лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбоси ва янги имло қоидалари бўйича саводхонлигини шакллантиришга мўлжалланган турли кўргазмали ва тарқатма материаллар тайёрлаш;
•    Факультатив ва мустақил ўрганувчилар, шунингдек, вазирлик, идора ва ташкилотларда лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбоси ва янги имло қоидаларини ўрганишга мўлжалланган услубий қўлланма ва имло, атама, жой, киши номлари, ўқув луғатлари тайёрлаш ва нашр этиш;
•    Ахборот кутубхона марказлари, ташкилотлар ва бошқа кутубхоналарнинг лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосидаги адабиётлар билан босқичма-босқич бойитиб борилишини таъминлаш;
•    Кирилл алифбосида чоп этилган ва кутубхоналарда сақланаётган адабиётларни босқичма-босқич лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосидаги электрон кўринишларини яратиш;
•    Кирилл ёзувидан лотин ёзувига (ёки аксинча) саводли ўгирадиган дастурий таъминотлар ҳамда уларнинг мобил иловаларини яратишни рағбатлантириш;
•    Интернет тармоғидаги Ўзбекистон Республикаси расмий веб-сайтларининг лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига тўлиқ ўтказилишини таъминлаш.
Янги алифбодаги ёзувда иш юритишга тўлиқ ўтиш соҳасида:
•    Ўзбекистон Республикаси фуқароси шахсини тасдиқловчи гувоҳномалар, ID-карталар, фуқаролиги бўлмаган шахс ҳамда чет давлат фуқароларининг яшаш гувоҳномаларини такомиллаштирилган лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосида бўлишини таъминлаш;
•    Ўзбекистон Республикасида илмий-тадқиқот ишлари натижалари юзасидан тайёрланган диссертациялар ҳимояси билан боғлиқ жараёнларнинг лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосида бўлишини таъминлаш;
•    Иш қоғозлари, турли бланкларни лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосида бўлишини таъминлаш;
•    Мамлакатимиздаги жой, кўча, атамалар, ташкилотларнинг номлари, пешлавҳалар, оммавий тарғибот воситалари, реклама ва эълонларни тўлиқ лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосида ёзилишини таъминлаш;
•    Марказий, маҳаллий босма ва электрон оммавий ахборот воситалари, интернет сайтлари, нашриётлар, матбаа корхоналари фаолиятини тўлиқ лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига ўтказиш;
•    Ташкилий-ҳуқуқий шаклидан қатъи назар, барча ташкилотларда иш юритиш ҳужжатлари ва бошқа ҳужжатларни лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосида ишлаб чиқиш, қабул қилиш ва эълон қилиш амалиётини тўлиқ жорий қилиш.
Мазкур чора-тадбирлар натижасида 2023 йил 1 январдан бошлаб барча ташкилотларда иш юритишда лотин ёзувига асосланган ўзбек алифбосига тўлиқ ўтилади. Расмий веб-сайтлар, маҳалли ОАВ, интернет сайтлари, расмий ҳужжатлар ва иш қоғозлари ҳам тўлиқ лотин ёзувига ўтказилади. Норматив-ҳуқуқий ҳужжатлар ҳам муҳокама учун лотин ёзувига асосланган ўзбек тилида эълон қилиниши лозим бўлади.

Ташкилий-назорат ва таҳлил ишлари
бўлими етакчи маслаҳатчиси
И.Абдулазизов

10
Конституция устунлигини таъминлаш – мамлакатимизда қонунийлик муҳитини яратишнинг ишончли гаровидир

Конституция устунлигини таъминлаш – мамлакатимизда қонунийлик муҳитини яратишнинг ишончли гаровидир
Мамлакатимизда суд-ҳуқуқ соҳасини такомиллаштириш мақсадида тизимли равишда ислоҳотлар амалга ошириб келинмоқда.
Хусусан, 2021 йил 27 апрель куни “Ўзбекистон Республикасининг Конституциявий суди тўғрисида”ги Қонуннинг қабул қилиниши ҳам ана шундай ислоҳотларнинг узвий давоми бўлди.
Маълумки, Конституциявий суд инсоният тарихида инсоннинг конституциявий ҳуқуқ ва эркинликларини ишончли ҳимоя қилиш, давлат ҳокимияти тармоқлари ўртасида ўзаро тийиб туриш ва манфаатлар мувозанатини барпо этиш, Конституциянинг устунлигини таъминлаш ҳамда уни махсус муҳофаза қилиш мақсадида ташкил этилади.
Конституциявий одил судлов конституциявий назоратнинг олий шакли, замонавий демократик давлатнинг алоҳида талаби, зарурий институти бўлиб, Конституциянинг устунлигини таъминлаш ҳамда мамлакатимизда қонунийлик муҳитини, инсон ҳуқуқлари ва эркинликлари кафолатларини яратишнинг ишончли гаровидир.
Шунга кўра, “Ўзбекистон Республикасининг Конституциявий суди тўғрисида”ги Қонуннинг янги таҳрирда қабул қилиниши мамлакатимизда хар бир шахснинг конституциявий ҳуқуқлари ва эркинликларини таъминланишида муҳим қадам бўлди.
Қонунга кўра, Конституциявий суд доимий фаолият юритувчи суд ҳокимияти органи бўлиб, қонун чиқарувчи ва ижро этувчи ҳокимият ҳужжатларининг Конституцияга мувофиқлиги тўғрисидаги ишларни кўради.
Конституциявий суд конституциявий ҳуқуқ ва эркинликлари муайян ишда қўлланилган ва Конституцияга мувофиқ бўлмаган қонунда бузилган деб ҳисобловчи фуқаролар ҳамда юридик шахсларнинг шикоятларини ҳам кўриб чиқиши белгиланди.
Конституциявий суд раис ва унинг ўринбосарини қўшган ҳолда
9 нафар судьядан иборат бўлади.
Конституциявий судга мурожаат қилиш ҳуқуқига эга бўлган субъектлар қаторига қуйидагилар киритилди:
●  Инсон ҳуқуқлари бўйича вакил (омбудсман) ўринбосари – Бола ҳуқуқлари бўйича вакил;
●  Инсон ҳуқуқлари бўйича Ўзбекистон Республикасининг Миллий маркази;
●  Президент ҳузуридаги Тадбиркорлик субъектларининг ҳуқуқлари ва қонуний манфаатларини ҳимоя қилиш бўйича вакил.
Фуқаролар ва юридик шахслар қонун уларнинг конституциявий ҳуқуқлари ва эркинликларини бузмоқда деб ҳисобласа ҳамда судда кўрилиши тугалланган муайян ишда қўлланилган бўлса ва судда ҳимоя қилишнинг барча бошқа воситаларидан фойдаланиб бўлинган бўлса, қонуннинг Конституцияга мувофиқлигини текшириш тўғрисидаги шикоят билан Конституциявий судга мурожаат этишга ҳақли этиб белгиланди.
Қонунда юқоридагилардан ташқари Конституциявий суд ҳузурида тузиладиган илмий-маслаҳат кенгаши ҳуқуқий мақоми, Конституциявий суднинг қарорлари, хулосалари ва бошқа ҳужжатлари мазкур суднинг расмий веб-сайтида эълон қилиниши, Конституциявий суд судьялари кийим-бошининг тавсифи ва намунаси Сенат томонидан тасдиқланиши белгиланган.
Хулоса қилиб айтганда ушбу қонун Конституциявий суд фаолиятининг самарадорлигини ва нуфузини оширишга, мустақиллигини мустаҳкамлашга, ваколатларини кенгайтиришга, уни шакллантириш тартибини янада демократлаштиришга, фуқароларнинг ҳуқуқ ва эркинликларини ишончли ҳимоя қилиш кафолатларини кенгайтиришга қаратилган бўлиб, мазкур суднинг конституциявий тузум асосларини, инсон ва фуқароларнинг асосий ҳуқуқ ва эркинликларини ҳимоя қилиш, конституциянинг устунлигини таъминлашга оид фаолиятини сифат жиҳатдан янги босқичга олиб чиқишига замин яратади.

Фарғона вилоят адлия
бошқармаси бўлим бошлиғи
И.Абдуллаев

10
Хотира ва қадрлаш куни

Жорий йилнинг 9 май куни "Хотира ва қадрлаш куни" муносабати билан ўтказилган Фарғона шаҳрида жойлашган "Хотира майдони"да "Мотамсаро она ҳайкали" пойига гулчамбар қўйиш маросимда Фарғона вилоят адлия бошқармаси бошлиғи Б.Хасанов ва бошқарма ходимлари иштирок этди.

04
Oйининг энг яхши ходим

  Доимий равишда бошқарма жамоаси орасидан энг яхши ходим аниқланиб, рағбатлантириб борилмоқда ҳамда бу ўзига хос анъанага айланган. Мазкур анъанани давом этирган ҳолда, Адлия бошқармасининг Ҳуқуқий тарғибот ва маърифат бўлими бошлиғи Тохиржонов Баходиржон Тохирович 2021 йил апрел ойининг “энг яхши ходими” деб топилди.
   У қонун хужжатларини, шунингдек соҳа фаолиятини такомиллаштириш бўйича ишлаб чиққан таклифлари, меҳнат ва ижро интизомига риоя этиши, жамоат ишларида ҳамда ҳуқуқий тарғибот тадбирларидаги фаол иштироки билан ўз ҳиссасини қўшиб келмоқда.
Фарғона вилояти адлия бошқармаси жамоаси Тохиржонов Баходиржон Тохирович ушбу эътироф билан табриклайди. Унинг келгусидаги ишларида муваффақиятлар тилайди.