Yangiliklar
Vazirlar Mahkamasining 655-son qarori bilan Oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari quyidagilar hisoblanadi:
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi;
Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti.
Mazkur ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Ta’lim oluvchilarni mutaxassislik fanlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan holda o‘qitish, ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash hamda ularni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yuqori malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta’lim muassasalari faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
Oliy harbiylashtirilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qitish kunduzgi, masofaviy va sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim shakllarida amalga oshiriladi. Kunduzgi ta’lim shaklida o‘qish kamida 3 yil davom etadi.
Shuningdek bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qitish kunduzgi, masofaviy va sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim shakllarida amalga oshirilishi joriy etiladi.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishining kunduzgi ta’lim shaklida o‘qish kamida uch yil davom etadi. Bakalavriatda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (masofaviy), sirtqi ta’lim jarayonining davom etish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlar uchun kamida to‘rt yil, oliy ma’lumotga ega xodimlar uchun uch yil etib belgilanadi.
Nizomga asosan kursant - ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishi kunduzgi ta’lim shakliga belgilangan tartibda o‘qishga qabul qilingan shaxs;
tinglovchi - ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishining sirtqi ta’lim shakliga va magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan shaxs;
xodim - O‘zbekiston Respublikasida mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilar hisoblanadi.
Nizom bilan endilikda kursantlar 1-bosqich ta’lim muddati yakunlanganidan so‘ng muddatli harbiy xizmatni o‘tagan hisoblanadi va ularga harbiy guvohnoma beriladi.
Magistratura mutaxassisliklarida o‘qitish kunduzgi yoki masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshirilib, o‘qish davomiyligi kamida 1 yilni tashkil etadi.
Bundan tashqari ta’lim muassasalari boshqaruv sohasiga mutaxassis kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun 2 bosqichli (ikki yillik) magistraturani tashkil etishi mumkin. Bunda bitiruvchilarga ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyati beriladi.
Ta’lim muassasalari bitiruvchilariga diplom bilan birga vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan namunadagi ko‘krak nishoni beriladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada
huquqni qo‘llash amaliyotini
o‘rganish bo‘limi katta maslahatchisi
O.Qo‘chqorov
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktyabrdagi 654-son qarori bilan Kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda Nizom deb yuritiladi) tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish hamda ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qarorlar “Yagona reyestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi.
Oila: 2021-yilning 1-sentyabridan — oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad 440 ming soʻmdan oshmaganda;
2022-yildan boshlab — oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam taʼminlangan deb eʼtirof etiladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomda belgilangan tartibda oila aʼzolarining taqdim etgan arizalariga asosan “Yagona reyestr” AT orqali kam taʼminlangan oila deb eʼtirof etilgandan soʻng tayinlanadi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga taqdim etiladi va roʻyxatga olinadi.
Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash uchun arizalar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni istayotgan oydan oldingi oyning
16-sanasiga qadar taqdim etiladi. Bunda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan muddatdan keyin berilgan arizalar belgilangan tartibda keyingi oyda koʻrib chiqiladi.
Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash toʻgʻrisida qabul qilingan arizalar Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining masʼul xodimlari tomonidan har kuni, biroq ariza berilgan oyning 26-sanasiga qadar “Yagona reyestr” ATga kiritiladi.
Oilani kam taʼminlangan oila deb eʼtirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash yoxud tayinlashni rad etish “Yagona reyestr” AT orqali avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etish Nizom asosida amalga oshiriladi.
Mazkur bandda koʻrsatilgan mezonlar asosida bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash rad etilganda, ariza beruvchiga xabar “Yagona reyestr” AT orqali rad etish sabablari koʻrsatilgan holda elektron shaklda (arizada koʻrsatilgan elektron manziliga yoki SMS-xabarlar orqali mobil telefon raqamiga) yuboriladi.
Ariza beruvchi ushbu Nizomning 6, 19 va 31-bandlarida koʻrsatilgan mezonlarga mos boʻlgan hollarda “Yagona reyestr” ATda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash toʻgʻrisidagi qaror avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Bunda ariza beruvchiga “Yagona reyestr” AT orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash toʻgʻrisida elektron xabar (arizada koʻrsatilgan elektron manzilga yoki SMS-xabarlar xizmati orqali mobil telefon raqamiga) yuboriladi.
Toʻlovning oʻtgan oyida olinmagan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam summasi toʻlovning joriy oyi toʻlov roʻyxatlariga kiritiladi hamda tayinlangan, biroq oʻz vaqtida olinmay qolgan toʻlovlar oʻtgan davrlarda hisoblangan miqdorlarda butun davr uchun, biroq bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni olish muddati tugaganidan keyin uch oydan ortiq boʻlmagan muddatda bir yoʻla toʻlanadi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam toʻlovi oyning 4-sanasidan 27-sanasiga qadar amalga oshiriladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash
amaliyotini oʻrganish boʻlimi boshligʻi vazifasini
bajaruvchi Fayzullo Mamajonov
Vazirlar Mahkamasining “Аholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-maygacha:
bananlar, shu jumladan plantaynlar (yangi yoki quritilgan);
yangi yoki quritilgan finikilar, anjir, ananaslar, avokado, guayyava, mango va mangostan yoki garsiniya;
yangi yoki quritilgan sitrus mevalar;
yangi papaya;
yangi olma, nok va behi;
kivi bojxona bojidan ozod qilindi.
Shuningdek, qaror bilan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda tadbirkorlik subyektlarini aylanma mablag‘lari bilan ta’minlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 32,8 mln AQSh dollari ekvivalentida milliy valyutada hamda Moliya vazirligi 200 mlrd so‘m miqdordagi mablag‘lari ajratildi.
Kreditlar tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga likvidli garov ta’minoti asosida o‘simlik yog‘i, kartoshka, go‘sht (mol, qo‘y, parranda go‘shti), muzlatilgan baliq importi uchun yillik 4 foizlik stavkada ajratiladi.
Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi kampaniyasi haqida o’z fikringizni so’rovnomamizda qatnashish orqali bildiring.
Joriy yilning 23-sentyabr kuni Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda viloyat IIB, sogʻliqni saqlash boshqarmasi, xalq taʼlimi boshqarmasi va Bandlik bosh boshqarmasi vakillari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.
Tadbir davomida nodavlat notijorat tashkilotlari murojaatlarini koʻrib chiqishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Davra suhbatida asosiy eʼtibor nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy sheriklik masalasida mutasaddi davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishi va ularni koʻrib chiqilishining huquqiy asoslariga qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transporti sohasida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra quyidagi tartib oʻrnatildi
Jumladan, qarorga muvofiq:
Yoʻlovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarning tashish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha masʼul rahbari, rahbar oʻrinbosari, transport boʻlimi rahbari va (yoki) harakat xavfsizligi mutaxassislariga (keyingi oʻrinlarda — xodimlar) nisbatan litsenziyalar olish uchun hujjatlar taqdim etish va avtomobil transportida tegishli tashishlarni amalga oshirish uchun har besh yilda attestatsiyadan oʻtish talablari bekor qilinadi.
Yoʻlovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar xodimlarining bilimi, malaka darajasi va kasbiy mahorati malaka talablariga muvofiqligi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dastur boʻyicha ushbu xodimlarning kamida har uch yilda bir marta oʻz malakasini oshirganligi toʻgʻrisida berilgan malaka sertifikatiga muvofiq aniqlanadi.
Yoʻlovchi va yuklarni avtomobil transportida tashish ushbu sohada kamida uch yil ish stajiga, avtomobil yoki texnik yoʻnalishda oliy kasbiy maʼlumotga va malaka sertifikatiga ega xodimi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Avtomobil yoki texnik yoʻnalishda oliy kasbiy maʼlumotga ega boʻlish sharti maxsus uskuna bilan jihozlangan avtotransport vositasida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni (axlat) tashish va kommunal xizmatlar koʻrsatish bilan shugʻullanadigan yuridik shaxslarning xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ushbu Qaror 2021-yilning 1-oktabridan kuchga kiradi.
Fargʻona viloyat adliya boshqamasi kadrlar
boʻlimi bosh maslahatchisi
N.Abdulxayeva
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasi doirasida har yili qabul qilib kelinayotgan Davlat dasturlari ijrosi doirasida qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, bu bilan bogʻliq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona koʻrib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish boʻyicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2021-yilning 26-iyun kuni “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezidentning PQ-5163-sonli qarorining qabul qilinishi qiynoqqa solish borasidagi qonun buzilishlarni bartaraf qilish borasidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.
Qaror bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki
qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash (keyingi oʻrinlarda – qiynoqqa solish) holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha quyidagilar ustuvor vazifalar etib belgilandi:
Jumladan, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish;
-harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishini qatʼiy taʼminlash;
-qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish;
-qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash;
-qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish hamda ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash;
-qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha faoliyat natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish;
-qiynoqqa solishning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning milliy institutlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
Qarorda belgilab berilgan chora-tadbirlarning hayotga tadbiq etilishi natijasida qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi endilikda xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtiriladi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishi qatʼiy taʼminlanadi.
Shuningdek, qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinish mexanizmlari takomillashtiriladi.
Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlari keng jalb qilinadi. Ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligi taʼminlanadi. Qiynoqqa solishning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning milliy institutlari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Shu bilan birga, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili – Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
– gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish;
– harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlash shart-sharoitlarini oʻrganish va ular yuzasidan axborotlarni jamoatchilikka eʼlon qilib borish;
– qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish boʻyicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish;
– qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etish;
– qiynoqqa solish holatlarini ekspertlik baholash masalalari boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish;
– qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishida ishtirok etish;
– qiynoqqa solish xavfining oldini olish hamda bu sohada ilgʻor xorijiy tajribani joriy qilish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.
Shuningdek, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Bosh prokuratura, Ombudsman, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz tomonidan 2021-yil 1-dekabrga qadar Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish uchun javobgarlik belgilovchi normalarni BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashga qarshi Konvensiyasi” (Nyu-York, 1984-yil 10-dekabr) talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Qarorda belgilab berilgan chora-tadbirlarning amaliyotga joriy qilinishi, gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism hamda majburiy davolash muassasalaridagi shaxslar tomonidan qilingan qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi va aybdor shaxslarning oʻz vaqtida muqarrar javobgarlikka tortilishini taʼminlaydi.
Adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish boʻlimi bosh maslahatchisi A.Yoqubov
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularga moddiy koʻmak berish maqsadida bir qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda.
Xususan, Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami uchun huquq aksiyasi doirasidagi huquqiy targʻibot tadbiri ham shular jumlasidan.
Huquqiy targʻibot tadbirining kirish qismida adliya boshqarmasi tadbirga kelgan ishtirokchilarni diyorimiz mustaqilligining 30 yoshi bilan tabriklab, shundan soʻng huquq aksiyasiga jalb etilgan xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar, advokatlar, sogʻliqni saqlash va Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi, bandlik bosh boshqarmasi, byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi xodimlari, psixologlar, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi vakillari tomonidan ishtirokchilarga bepul huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berib oʻtildi.