Yangiliklar
Uzoq yillar bir tizimda ishlab, nafaqada bir quchoq nabiralar qurshovida umrguzaronlik qilayotgan paytda hamkasb do‘stlar, izdoshlar eshigingni qoqib hol so‘rab kelishsa ne ajab... Ayniqsa, shukrona kunda!
Marg‘ilon shahrida nafaqa gashtini surayotgan Tojixon ona Dadaxonova ham 1987-2009- yillar davomida Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi arxiv mudiri, Marg‘ilon shahrida FHDY mudirasi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi. Yuzlab shogirdlar tayyorladi. Ayni kunlarda uning shogirdlari shu tizimda faol ishlamoqda.
Bugun Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi vakillari uning muborak 70 yoshi bilan tabriklab xonadonida bo‘lishdi. Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i tabriknomasini o‘qib eshittirishdi. Tojixon onaga ehtirom ko‘rsatildi. Adliya tizimi vakillari nomidan Tojixon onaga oilaviy tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-salomtlik tilaymiz.
Barcha adliya xodimlariga uzoq yillar shu sohada ishlab, yorug‘ yuz bilan nafaqa gashtini surish, ehtirom ko‘rish nasib etsin!
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi
O'zbekistan Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi safdorlar tarkibini boshlangich tayyorlash va malakasini oshirish tinglovchilari uchun o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda adliya boshqarmasi xodimi Y.Zulpixorov tomonidan ishtirokchilarga "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi Qonun, saylov qonunchiligi va boshqa qonun hujjatlarining mazmun mohiyati tushuntirildi.
Shu bilan birga, korrupsiya va uning oldini olish bo‘yicha flayer va bukletlar tarqatildi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Aholi muammolarini yechishning samarali tizimini yaratish maqsadida davlat organlari rahbarlarining xalq orasiga kirishini taʼminlaydigan ommaviy sayyor qabullar oddiy odamlar hayotida muhim o‘rin tutmoqda.
Buni Buvayda tumani Yangiqo‘rg‘on istirohat bog‘ida huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirokida o'tkazilgan fuqarolarning ommaviy sayyor qabuli ham yana bir karra tasdiqladi.
Qabul jarayonida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan fuqarolarning 19 ta turli mazmundagi murojaatlari tinglandi.
Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi. 3 ta masala ko‘rib chiqish va hal etish uchun ish yurituvga olindi. 17 nafariga joyida tushuntirish berildi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Adliya vakillari mahallalarda uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganish davomida yillarki, allaqachon yechilishi zarur bo‘lgan ko‘plab huquqiy muammolarga guvoh bo‘lishmoqda.
Beshariq tumani misolida olaylik! Adliya vakillari "Qiyali" MFY Shodoqoziq qishlog‘ida yashovchi Umsinoy Bozorovaning masalasiga quloq tutishdi. Gap shundaki, uning turmush o‘rtog‘i A.Matmusayev bilan ko‘p yillardan buyon qonuniy nikohsiz yashab 2010-yilda farzandli bo‘lishgan. Lekin qonuniy nikoh qayd etilmaganligi bois jigarbandiga otalikni belgilasha olishmadi.
Uyma-uy yurish mobaynida adliya vakillari ularning bu muammosiga qonuniy yechim topishdi. Ularning huquqlari tushuntirilib, farzandlariga otalik belgilandi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Boshqarma boshlig‘ining tegishli buyruqlari bilan:
Maxmudov Ulug‘bek Umarjonovich boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Inson huquqlarini himoya qilish sho‘basi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi;
Yusufzoda Ravshanbek Abduvoxid o‘g‘li Notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar sho‘basi boshlig‘i lavozimidan ozod etilib, Toshloq tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi direktori lavozimiga tayinlandi.
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi jamoasi xodimlarni yangi lavozim bilan samimiy tabriklab, kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tilaydi.
Adliya vakillari Quva tumani “Guliston” mahalla fuqarolari yigʻinida uyma-uy yurib 1025 ta xonadonda aholining huquqiy muammolarini oʻrganmoqda
“Guliston” MFY da 5306 ta aholi istiqomat qiladi. Yigʻin tarkibidagi “Mezon”, “Mardlik”, “Yangisoy”, “Turkiston” koʻchalarida yashovchi fuqarolar asosan, koʻchatchilik, bogʻdorchilik va mirishkorlikning sirini olgan.
Ayni kunlarda Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi hamda tuman adliya boʻlimi bilan hamkorlikda xonadonlardagi aholi bilan suhbatlashib, yillar davomida ularni oʻylantirib kelayotgan huquqiy muammolar oʻrganilmoqda.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Qo‘qon shahrida huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari rahbarlari ishtirokida fuqarolarning ommaviy sayyor qabuli o‘tkazildi.
Qabul jarayonida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Buriyev tomonidan fuqarolarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, advokatning hatti-harakatlari yuzasidan, fuqarolik holati hujjatlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, oylik ustama to‘lovlarni undirish kabi masalalar yuzasidan 20 ta murojaatlar tinglandi.
Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi. 18 ta murojaatlar ko‘rib chiqish va hal etish uchun ish yurituvga olindi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Kanalga ulanish: @adliya_fargona
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan Qo‘qon shahar adliya bolimi Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan Qo‘qon shahar Nurafshon MFYdagi 9223-harbiy qismda targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Tadbir davomida harbiy qismda faoliyat yurituvchi xodimlarga qonunchilikdagi yangiliklar hamda harbiy xizmatchilarga qonunchiligimizda nazarda tutilgan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birga harbiylar va ularning oila a’zolariga 12 xildagi 150 dan ortiq sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi, davlat xizmatlari ko‘rsatilishiga oid ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Kanalga ulanish: @adliya_fargona
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023-yildagi ""O‘ZBEKISTON — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-300-son qaroriga asosan FHDY organlarida “Yosh kelin-kuyovlar maktabi” faoliyatini olib borish va ularning maxsus kurslardan to‘liq o‘tishini ta’minlash vazifasi belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan Toshloq tumani FHDY bo'limi tomonidan tuman hokimligi va diniy soha vakillari ishtirokida "Oilaviy-huquqiy munosabatlar" mavzusida o'quv seminari tashkil etildi.
Seminar davomida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ular oʻrtasidagi ajrim holatlarining oldini olish masalalarida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, o'quv kursi yakunida 50 nafardan ortiq yosh kelin-kuyovlarga "Yosh kelin-kuyovlar maktabi” kursini tamomlaganligi to'g'risida sertifikatlar topshirildi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Kanalga ulanish: @adliya_fargona
Adliya organlari tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish hamda faoliyatda tashabbuskorlik va yuqori natijalarga erishishga intilish samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning 29-iyun kuni Adliya vazirligida "Yilning eng faol yosh xodimi" tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlovda Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish sho‘basi bosh maslahatchisi Usmonov Baxtiyorbek Avazbekovich ishtirok etib, faxrli II-o‘rinni egallab, vazirlik tomonidan munosib taqdirlandi.
Adliya boshqarmasi jamoasi nomidan B.Usmonovni ushbu e'tirof bilan muborakbod etamiz hamda kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tilaymiz.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Kanalga ulanish: @adliya_fargona