Yangiliklar
Boshqarma boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan Qosimova Aliya Alisher qizi Farg‘ona shahar adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti lavozimiga tayinlandi;
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi jamoasi xodimni yangi lavozim bilan samimiy tabriklab, kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tilaydi.
1.Savol: Uzoq yillar oldin fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda otalikni belgilash haqida fuqarolik ishi ko‘rilgan edi. Biroq shu ish hujjati hozirda hech qayerdan chiqmayapdi. Shuni qanday qilib tiklasam bo‘ladi?
Javob:
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 37-bobi yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash bag‘ishlangan.
Yo‘qolgan sud ishini yuritish sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, prokurorning arizasiga binoan, shuningdek sudning tashabbusiga ko‘ra tiklanishi mumkin.
Yo‘qolgan sud ishini yuritish to‘liq yoki uning sud fikriga ko‘ra tiklanishi zarur bo‘lgan qismi tiklanadi. Sudning hal qiluv qarori yoki ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimi, agar ular ish yuzasidan chiqarilgan bo‘lsa, tiklanishi shart.
Arizachi yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda sud tomonidan qilingan sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etiladi. Bila turib yolg‘on ariza berilganda sud xarajatlari arizachidan undirib olinadi.
Sudning yo‘qolgan hal qiluv qarorini yoki ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimni tiklash haqidagi hal qiluv qarorida sud tiklanayotgan sud hujjatining mazmuni sudga taqdim etilgan va yo‘qolgan ish bo‘yicha sud protsessining barcha ishtirokchilari ishtirokida sud majlisida tekshirilgan qanday aniq ma’lumotlar asosida aniqlangan deb hisoblashi ko‘rsatiladi.
Yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida, shuningdek qanday dalillar sud tomonidan tekshirilganligi va yo‘qolgan sud ishini yuritish bo‘yicha qanday protsessual harakatlar sodir etilganligi isbotlanganligi haqidagi sudning xulosalari ko‘rsatiladi.
2.Savol: Fuqarolik sudlarida kimlar vakil bo‘lib qatnasha oladi?
Javob:
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksiga asosan sud ishlarida vakillik ikki turga bo‘linadi. Qonuniy vakillik va shartnomaviy vakillik.
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sudda ularning qonuniy vakillari (ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar) himoya qiladi.
Belgilangan tartibda bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro ishtirok etishi lozim bo‘lgan ish bo‘yicha uning vakili sifatida mazkur fuqaroning mol-mulkini qo‘riqlash va boshqarish uchun tayinlangan shaxs qatnashadi.
Vafot etgan yoki belgilangan tartibda vafot etgan deb e’lon qilingan shaxsning merosxo‘ri ishtirok etishi kerak bo‘lgan ish bo‘yicha, agar merosni hali hech kim qabul qilib olmagan bo‘lsa, vasiy, homiy, yoxud meros mol-mulkni saqlash va boshqarish uchun tayinlangan saqlovchi shaxs merosxo‘rning vakili sifatida qatnashadi.
Qonuniy vakil sudda ish olib borishni o‘zi vakil sifatida tanlagan boshqa shaxsga topshirish huquqiga ega.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmagan shaxsning, muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxsning qonuniy vakili vakillik qilinayotgan shaxsning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga taalluqli ishlar ko‘rib chiqilayotganda uning manfaatlarini ko‘zlab barcha protsessual harakatlarni amalga oshiradi.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsning, muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxsning qonuniy vakili ishlar ko‘rib chiqilayotganda shu shaxsning manfaatlarini ko‘zlab barcha protsessual harakatlarni cheklangan huquqlar doirasida amalga oshiradi.
Ishonch bildiruvchi o‘z huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sudda ish yuritishni shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakillikka binoan vakilga topshiradi.
Quyidagilar shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakil bo‘lishi mumkin:
1) advokatlar;
2) nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan yoki yon shajara bo‘yicha qarindoshlar, shuningdek er (xotin) yoxud uning qarindoshlari;
3) yuridik shaxslarning xodimlari — shu yuridik shaxslarning ishlari bo‘yicha;
4) notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari — shu tashkilotlar a’zolarining ishlari bo‘yicha;
5) qonunga binoan boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqi berilgan notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari;
6) birgalikda ishtirok etuvchilardan biri boshqa birgalikdagi ishtirokchilarning topshirig‘i bo‘yicha;
7) ishni ko‘rib chiqayotgan sud tomonidan ishda jismoniy shaxslarning vakillari sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilgan shaxslar.
Sudda ish yuritish bo‘yicha vakil sifatida professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug‘ullanishi mumkin.
Sud da’vogarning yoki javobgarning iltimosiga ko‘ra, «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokat jalb etiladigan paytga qadar sud ishning muhokamasini keyinga qoldiradi. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida to‘rt soat vaqt berilishi kerak.
Javob berdi: fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi raisi Oripov Ulug‘bek Nazirovich
Davlat xizmatchilarining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish har qanday jamiyatda davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi ularning vazifalarini halollik, adolat va qonuniylik asosida bajarishlarini ta’minlaydi. Shu sababli, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish davlat boshqaruvi tizimining poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu masala huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda muhim omil bo‘lib, uning rivoji ijtimoiy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Huquqiy ong davlat xizmatchilarining huquq va majburiyatlar, qonuniy normalar va me’yorlarni bilishi hamda ularni kundalik faoliyatida to‘g‘ri qo‘llay olish qobiliyatini anglatadi. Huquqiy ong nafaqat qonunchilikni bilishni, balki uning mazmun-mohiyatini tushunishni ham talab etadi. Bu esa qonunlarni texnik jihatdan qo‘llashdan ko‘ra chuqurroq mas’uliyatni o‘z ichiga oladi. Davlat xizmatchilarining huquqiy ongini rivojlantirish ularda qonunchilik normalarini ijtimoiy adolat tamoyillari asosida qo‘llash ko‘nikmasini shakllantiradi.
Davlat xizmatchilarini muntazam ravishda huquqiy savodxonlik bo‘yicha o‘qitish ularning qonunchilik me’yorlarini to‘liq tushunishini ta’minlaydi. Huquqiy ta’lim nafaqat nazariy bilim berishni, balki amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishni ham o‘z ichiga olishi kerak. Maxsus o‘quv kurslari, seminar va treninglar davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini yangilab turishda muhim ahamiyatga ega. Davlat xizmatchilari faoliyatini tashkil qilishda shaffoflikni ta’minlash va qonuniylikka rioya qilish zarur. Bu holat ularning jamiyatga nisbatan mas’uliyatini oshirib, qonunga hurmat hissini kuchaytiradi. Xizmatchilar uchun ish tartib-qoidalarining aniq va tushunarli bo‘lishi ularning huquqiy madaniyat darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Huquqiy madaniyatni yuksaltirish uchun korruptsiya va boshqa qonunbuzarlik holatlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi lozim. Davlat xizmatchilari qonunbuzarliklar uchun javobgarlikni tushunishi va bunga yo‘l qo‘ymaslikka intilishi kerak. Bu borada nazorat organlari va jamoatchilik nazorati muhim o‘rin tutadi.
Huquqiy madaniyatni rivojlantirish uchun davlat xizmatchilarining qonuniy va halol faoliyatini rag‘batlantirish muhimdir. Xodimlarning mas’uliyatli ish faoliyati munosib mukofot bilan taqdirlansa, ular huquqiy ong va madaniyatni yanada rivojlantirishga intiladi. Shu bilan birga, qonunbuzarliklarga nisbatan qat’iy jazo mexanizmlari joriy etilishi lozim. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi [2]. Onlayn kurslar, virtual treninglar va huquqiy hujjatlar ma’lumot bazalarining mavjudligi xodimlar uchun qulay sharoit yaratadi. Huquqiy ong va madaniyatni rivojlantirish orqali davlat boshqaruv tizimi samaradorligi oshadi, fuqarolar va davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch mustahkamlanadi. Davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlari va madaniyatiga asoslangan faoliyati ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa huquqiy davlatni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Huquqiy ongni yuksaltirish bo‘yicha har qanday tashabbus mahalliy sharoitlarni va davlat xizmatchilarining faoliyat yuritadigan mintaqasidagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni hisobga olishi kerak. Har bir mintaqaning o‘ziga xos ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy xususiyatlari mavjud bo‘lib, ularning ta’siri huquqiy ong va madaniyat shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Shu sababli, huquqiy ongni yuksaltirish strategiyasi lokal kontekstga mos ravishda ishlab chiqilishi lozim. Davlat xizmatchilarining huquqiy ong va madaniyatini oshirish faqat ichki faoliyatni tashkil qilish bilan cheklanmasligi kerak. Fuqarolar va davlat xizmatchilari o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish ham muhim omil hisoblanadi. Fuqarolar davlat xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan yuqori talab qo‘yishi va ular bilan samarali muloqot qilishi orqali xodimlarni huquqiy bilimlarini oshirishga rag‘batlantiradi. Shu bois, davlat xizmatchilari fuqarolar bilan ochiq va shaffof muloqot qilishga intilishi lozim.
Qonunchilikni joriy etishda, davlat xizmatchilari qonunlar va me’yorlarga murojaat qilishda yuqori mas’uliyatni his etishlari zarur. Buning uchun ularni muntazam ravishda huquqiy savodxonlik bo‘yicha o‘qitish va amaliy treninglar bilan ta’minlash, shuningdek, huquqiy madaniyatni rivojlantirishga yordam beruvchi yangi metodlarni joriy etish muhimdir. O‘zgartirishlar va yangiliklar bo‘yicha tezkor va samarali axborot tizimlari yaratish, bu jarayonni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Davlat boshqaruvini yaxshilash va huquqiy madaniyatni rivojlantirishning boshqa asosiy yo‘nalishlaridan biri bu shaffoflikni ta’minlashdir. Agar davlat xizmatchilari o‘z faoliyatida shaffof va adolatli bo‘lsa, bu jamiyatda hukumatga bo‘lgan ishonchni oshiradi va fuqarolarni qonunlarga hurmat bilan qarashga undaydi. Bundan tashqari, davlat xizmatchilarining huquqiy ongini oshirishda axloqiy etikaning rolini e’tiborga olish lozim. Huquqiy madaniyatning yuksalishi davlat xizmatchilarining nafaqat qonunlarga, balki axloqiy va etika tamoyillariga ham amal qilishini ta’minlaydi [4]. Davlat xizmatining sifatini oshirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda yuqori me’yorlarga erishish, huquqiy madaniyatni yanada mustahkamlashga yordam beradi.
Toshmatova Maxbuba Yursunova
Farg’ona viloyat adliya boshqarmasi
Huquqiy axborot shubasi boshlig’i
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi sho'ba boshlig'i O.Abdullayev, Farg'ona viloyati hokimi o'rinbosari B.Kuldashev va diniy soha vakillari tomonidan Rishton tumani hokimiyati binosida O'RQ-1037-son bilan qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi" yuzasidan targ'ibot tadbiri bo'lib o'tdi.
Mazkur tadbirda so'z olganlar qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdilar.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
O‘zbekiston tuman adliya bo'limi xodimlari tomonidan tumandagi sport maktabida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan “Korrupsiyasiz kelajak qurishga har birimiz mas’ulmiz” shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir davomida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun mohiyati, korrupsiya uchun javobgarlik haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir so'ngida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanmoqda.
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasida Navro‘z bayrami munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni boshqarma boshlig‘ining birinchi o'rinbosari F.Ashmatov ochib, barcha xodimlarni yangilanish, yasharish, go‘zallik va nafosat bayrami bilan muborakbod etdi.
Tadbir davomida samarali mehnat qilgan, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarayotgan, soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan xodimlarga boshqarmaning faxriy yorliqlari va sovg‘alari topshirildi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Navroʼzi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida beqiyos oʼrin tutib kelmoqda.
Adliya vaziri o'rinbosari M. Ikramov Qo'qon shahridagi "Yoshlar bog'i"da Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida" PQ 1- son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Yozyovon tuman adliya bo'limi tomonidan Axborot-kutubxona markazi binosida hudud yoshlari o'rtasida "Zukko kitobxon" tanlovi tashkil etildi.
Tanlovning birinchi bosqichi juda qizg'in va qiziqarli o'tdi. Qatnashchilarga o'zbek va jahon adabiyoti durdonalari asosida tayyorlangan savollar viktorina tartibda berilib, 10 nafar kitobxonlar keyingi bosqichga saralanib olindi.
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi
Maktabga qabul qilish yoshi qanday?
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-sinfiga 6–7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
Tegishli yilning 31-avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan mazkur umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qish uchun jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi shoʻba mudiri Nishonov Arabjon Abdubannobovich
Talabalarni turar joylarga joylashtirish qay tarzda amalga oshiriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn hisobga qo‘yiladi.
2024/2025 o‘quv yilidan barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshiriladi.
Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish har yili 1 avgustdan boshlanib, o‘quv yili yakunigacha davom etadi.
Reglamentga muvofiq, ayrim toifadagi talabalar yotoqxonaga ustuvorlik asosida qabul qilinadi.
Jumladan, quyidagi toifadagi talabalar yotoqxonaga ustuvorlik asosida qabul qilinadi:
– “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
– “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
– I va II guruh nogironli bo‘lgan talabalar;
– bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
– xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan talabalar;
– “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik tanlovlarining respublika bosqichi g‘olib bo‘lgan talabalar;
– OTM talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
– talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Shunga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun yo‘llanma dastlab imtiyozli ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik shakllantiriladi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi shoʻba mudiri Yusupov Oʻktamjon Maxammatroʻziyevich
Xorijiy fuqarolarni ta’lim muassasalariga qabul qilish qanday tartibda amalga oshiriladi?
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosan, Xorijiy fuqarolarni o‘qitish umumta’lim maktablari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan, boshqa ta’lim muassasalari bo‘yicha — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadigan ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolarni ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish:
a) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda dastlabki ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkaziladigan jamoaviy va shaxsiy shartnomalar hamda kontraktlar (shu jumladan, kelish maqsadlaridan qat’i nazar respublikaga haqiqiy vizalar bo‘yicha kelgan xorijiy fuqarolar bilan tuzilgan) asosida amalga oshiriladi.
Xorijiy fuqarolar xohishlariga ko‘ra:
umumiy o‘rta ma’lumot;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi;
oliy ma’lumot;
oliy ta’lim muassasasidan keyingi ta’lim olishlari mumkin.
Xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida hamda, agar qonunchilik yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tegishli ta’lim muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
o‘qishga qabul qilish haqida ariza;
o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari;
referat yoki e’lon qilingan ishlarning rasmiy ravishda tasdiqlangan ro‘yxati (tayanch doktoranturaga kiruvchilar uchun);
sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
4 x 6 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.
Hujjatlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnomaga muvofiq belgilanadi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti Raximov Mirzoxid Maxmudovich
Qozog‘iston Respublikasidagi oliygoxda o‘qiyman. O‘zbekistonga o‘qishimni qo‘chirish masalasi bo‘yicha murojaat qilish muddatlari qanday?
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tizimida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o‘qishi ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasalarining muayyan ta’lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha o‘qiydigan tilida maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) topshiradi.
Turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini o‘tash joyi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazilgan, Hukumat qarorlari va topshiriqlari hamda oliy ta’lim muassasalariga ega vazirlik va idoralar tomonidan davlat buyurtmasi bilan xorijga o‘qishga yuborilganlarning o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish maxsus sinovlarsiz Davlat komissiyasi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) natijasi Davlat komissiyasiga taqdim etiladi. Maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Davlat komissiyasi qarori bilan ko‘rsatilgan o‘quv shaklidagi guruhlarga to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi.
Ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasida tegishli o‘qitish tili mavjud bo‘lmasa, o‘qitish tilini tanlash fuqaroning arizasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq ularning o‘qishi Davlat komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi.
Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi davlat oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmaydi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti Asqarov Qurvonali Axmadovich
Agar talaba shartnoma pulini to‘lashga qiynalsa, Oliy ta’lim muassasasi tomonidan imtiyoz berish nazarda tutiladimi?
Oliy ta'lim muassasalarida to'lov-kontrakt asosida o'qiyotgan talabalar uchun shartnoma to'lovlarini yengillashtirish bo'yicha maxsus imtiyozlar amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlarda ko'zda tutilmagan.
Biroq, talabalarga ta'lim kreditlari orqali shartnoma to'lovlarini amalga oshirish imkoniyati mavjud. Ushbu kreditlar tijorat banklari tomonidan ajratiladi va ayrim toifadagi talabalar uchun imtiyozlar nazarda tutilgan:
Chin etimlar, "Mehribonlik uylari"da tarbiyalanganlar hamda I va II guruh nogironlari uchun – foizsiz ta'lim krediti beriladi.
Kam ta'minlangan oilalardan bo'lgan talabalar uchun – kredit bo'yicha foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka ko'maklashish markazlari tomonidan to'lanadi.
Shuningdek, ba'zi hollarda ish beruvchi korxonalar tomonidan talabalarning kontrakt to'lovlari amalga oshirilishi mumkin. Bu tartib O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-son qaroriga muvofiq joriy etilgan. Unga ko'ra, ish beruvchi, oliy ta'lim muassasasi va talaba o'rtasida shartnoma tuziladi va ayrim toifadagi fuqarolarga imtiyozlar berilishi tavsiya etiladi.
Talabalarga shuningdek, homiylik ko'magi olish uchun korxona va tashkilotlarga murojaat qilish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining oliy o'quv yurtlarida ta'lim olishga yo'naltiriladigan summasiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i solinmaydi.
Shu sababli, agar talaba shartnoma to'lovini amalga oshirishda qiynalsa, ta'lim krediti olish yoki ish beruvchi korxonalar bilan shartnoma tuzish kabi imkoniyatlardan foydalanishi mumkin. Buning uchun tijorat banklariga yoki ish beruvchi korxonalarga murojaat qilish lozim.
Toshloq tuman adliya boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti Abdullayeva Dildoraxon Muratovna
Xaridor do‘konga sifatli nooziq-ovqat mahsulotini qaytarib bera oladimi?
O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-apreldagi 221-I-sonli “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, Iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran 10 kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.
Agar tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, qadog‘i bilan qaytarilgan bo‘lsa, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan va ushbu sotuvchidan sotib olganligini tasdiqlovchi asoslar bo‘lsa, iste’molchining tovarni almashtirish yoxud qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozim.
Agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, iste’molchi tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, xuddi shunday shaklda amalga oshiriladi.
Sotuvchi belgilangan muddatda nooziq-ovqat tovarlari saqlanib qolgan holda qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Iste’molchining huquqlari buzilgan taqdirda, u sudga murojaat qilishga haqlidir. Da’volar, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, javobgar, iste’molchi joylashgan erdagi yoki zarar etkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Iste’molchilar o‘z huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha, shuningdek, tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining (iste’molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadilar.
Toshloq tuman adliya boʻlimi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi bosh maslahatchisi Ochilov Shaxbozjon Alisher o‘g‘li
Nikoxlanuvchilar tibbiy ko'rikdan qay tartibda va qanday xollarda o'tkiziladi, majburiymi?
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-son qaroriga bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, nikohlanuvchi shaxslarning fuqaroligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi FHDY organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladigan barcha nikohlarga joriy etiladi, 50 yoshdan katta shaxslarning nikohini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari bundan mustasno, ushbu shaxslar tibbiy ko‘rikdan faqat ularning roziligiga ko‘ra o‘tkaziladi.
Nikohlanuvchi shaxslar psixik, narkologik, tanosil kasalliklari, sil kasalligi va OIV/OITS yuzasidan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
Nikohlanuvchi shaxslar FHDY organlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi sog‘liqni saqlash tizimining tegishli tibbiyot muassasalariga (keyingi o‘rinlarda matnda — tibbiyot muassasalari) yuboriladi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun berilgan yo‘llanmalar FHDY organlarida nikoh tuzish to‘g‘risidagi arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftarida qayd etiladi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi FHDY boʻlimi mudirasi Rizayeva Nigina Azimjonovna
Men 2 yildan beri maktabda qorovul lavozimida ishlab kelaman va maktab direktori singlisining turmush o‘rtog‘i bo‘laman. Hozirda maktab direktori qarindoshlik aloqalari mavjudligi sababli meni ishdan bo‘shatmoqchi. Shu qanchalik asosli?
Mehnat kodeksining 121-moddasiga ko‘ra, o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.
Bu qoidadan istisnolar Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarorida belgilangan.
Toshloq tuman adliya boʻlimi boshlig‘i Anvarov Akmaljon Adxamjon oʻgʻli
16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar nima sababdan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi?
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015-yil 10 dekabrdagi 104 va 41-son qarorlari bilan tasdiqlangan “16 yoshgacha nogiron bolalarni tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizom talablariga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlarining tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadi ko‘rsatilgan yo‘llanmasiga asosan davolash-profilaktika muassasasi tibbiy-maslahat komissiyasi tomonidan berilgan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron deb topish haqidagi tibbiy xulosaning asosliligini o‘rganish maqsadida tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi FHDY boʻlimi 1-toifali inspektori Sodiqova Nilufar Xamidovna
Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish majburiymi va ular qay tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi?
Oila Kodeksining 17-moddasida nikohlanuvchi shaxslarning davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart ekanligi belgilangan.
Nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek alohida hollar, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalarda nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida"gi Nizom talablariga ko‘ra, nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rigi fuqaroligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi FHDYo organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladigan barcha nikohlarga joriy etiladi.
50 yoshdan katta shaxslar tibbiy ko‘rikdan faqat o‘zlarining roziligiga ko‘ra o‘tkaziladi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi FHDY boʻlimi 2-toifali inspektori Akbarova Dildora Dilshod qizi
Qonunda homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatishga yo‘l quyiladimi?
“Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonuni 18-moddasida homiladorlikning 12 haftagacha bo‘lgan muddatida ayolning xohishiga ko‘ra, homiladorning hayotiga xavf soluvchi tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganida homiladorlik muddatidan qat’i nazar amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan.
Ushbu moddaning 2-qismiga ko‘ra, tibbiyot muassasalari tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish to‘g‘risida yoki homiladorlikni to‘xtatishni rad etish haqida qaror qabul qilgan ayolni uning sog‘lig‘i uchun har qanday ehtimol tutilgan salbiy oqibatlar haqida xabardor etishi shart.
Toshloq tuman adliya boʻlimi FHDY boʻlimi 2-toifali inspektori Asqarova Zumradxon Tursunali qizi
Internetdan onlayn tarzda telefon sotib oldim. Saytning reklamasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan uni yetkazib berishganida ma’lumotlar to‘g‘ri kelmas ekan. Bu holatda nima qilish mumkin?
Agar internet orqali sotib olgan telefoningiz reklamada ko'rsatilgan ma'lumotlarga mos kelmasa, sizning huquqlaringiz O'zbekiston Respublikasining "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi Qonuni bilan himoya qilinadi. Ushbu qonunning 7-moddasiga muvofiq, agar tovar haqida noto'g'ri ma'lumot berilgan bo'lsa, iste'molchi quyidagi huquqlarga ega:
Shartnomani bekor qilish va tovar uchun to'langan summani qaytarib olish.
Zararlarning qoplanishini talab qilish.
Bunday holatda, avvalo, sotuvchi bilan bog'lanib, muammoni hal qilishga harakat qiling. Agar masala ijobiy hal etilmasa, quyidagi tashkilotlarga murojaat qilishingiz mumkin:
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi: Ushbu agentlik iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida faoliyat yuritadi.
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha yordam ko'rsatadi.
Yoxud, sudga murojaat qilish huquqiga egasiz.
Toshloq tuman adliya boʻlimi xodimi Tuychiyev Xikmatillo Abdulxofizovich
Yaqinda ishdan bo‘shadim lekin 2015-2019-yillarda mehnat ta’tiliga chiqmaganman. Foydalanilmagan ta’tillarni olish tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksinin 151-moddasiga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi.
Shunga asosan 2015-2019-yillar mobaynidagi ish davrida foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi xodimi Qodirov Axadjon Muxammadovich
Ishsizlik nafaqasi kimlarga tayinlanadi?
O'zbekiston Respublikasining "Aholi bandligi to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
Ishsizlik nafaqasini to‘lash ishsiz shaxsning yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ishsizlik nafaqasiga soliq solinmaydi.
Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb tan olingan shaxsga u mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran hisoblanadi va to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasi o‘n ikki oylik davr ichida ko‘pi bilan yigirma olti kalendar hafta davomida to‘lanadi.
Joriy oyda ishsizlik nafaqasini to‘lash o‘tgan oy uchun amalga oshiriladi.
To‘liq bo‘lmagan kalendar oy uchun ishsizlik nafaqasini to‘lash chog‘ida ishsizlik nafaqasi mazkur nafaqa to‘lanishi kerak bo‘lgan ushbu kalendar oydagi kunlar sonining to‘liq kalendar oydagi kunlar soniga mutanosib miqdorda to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs kasal bo‘lgan taqdirda ishsizlik nafaqasini ishsiz shaxsning qarindoshlari (otasi, onasi, eri (xotini), voyaga yetgan bolalari) yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ishsiz shaxsning boshqa ishonchli shaxslari tomonidan olishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘z mehnat stajini hujjat bilan tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga ishsizlik nafaqasini tayinlash chog‘ida ularga ilgari ishlamaganlar va birinchi marta ish qidirayotganlar sifatida qaraladi.
Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs ish qidirishi va ishga joylashtirishga doir yo‘llanma (ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma) yoxud kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga murojaat qilishi shart.
Toshloq tuman adliya boʻlimi xodimi Xasanov Shavkatjon Isroiljon oʻgʻli
Fuqorolarga imtiyozli pensiya kim tomonidan tayinlanadi?
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro‘yxatlarga muvofiq fuqarolarning ayrim toifalari imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar, chunonchi:
Yoshidan qat’i nazar pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning 1-sonli ro‘yxati;
Umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlarning 2-sonli ro‘yxati;
Umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, vazifalar va ko‘rsatkichlarning 3-sonli ro‘yxati.
Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga urush nogironlari, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalari, liliputlar va pakanalar ham ega.
Toshloq tuman adliya boʻlimi xodimi Abdusattorov Nurbek Xoshimjon o‘g‘li
Qanday ishlar maqbul keladigan ish hisoblanadi?
O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, maqbul keladigan ish — fuqaro bajarishga qodir bo‘lgan, fuqaroning olgan ma’lumoti yo‘nalishi va ixtisosligiga, malakasiga, kasbiy tayyorgarligiga, ish tajribasiga, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mos keladigan, yashash joyini o‘zgartirishini nazarda tutmaydigan, uning doimiy yashash joyidan unchalik uzoq bo‘lmagan hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqini kafolatlaydigan ish.
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ularning kasb tayyorgarligiga mos bo‘lgan, yoshini, sog‘lig‘i holatini, mehnat stajini va avvalgi mutaxassisligi bo‘yicha tajribasini, yangi ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini inobatga oluvchi ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi.
Ishsizlik nafaqasini olish davri tugaganidan so‘ng kasbi (mutaxassisligi) bo‘yicha ish topib berish mumkin bo‘lmagan taqdirda, ishsizning qobiliyatini, uning sog‘lig‘i holatini, oldingi ish tajribasini va uning uchun qulay bo‘lgan o‘qitish vositalarini inobatga olgan holda kasbini (mutaxassisligini) o‘zgartirishni talab qiladigan ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin.
Toshloq tuman adliya boʻlimi xodimi Nurdinova Dildora Ilxomovna
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish nima?
O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish – bu ularning sog‘lig‘ini tiklash, jismoniy, aqliy, ijtimoiy va mehnat qobiliyatlarini yaxshilash yoki tiklashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimidir. Reabilitatsiya nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlashga yordam beradi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi xodimi Maxmudov Jaxongir Ilxomovich
Fuqarolarning reproduktiv salomatligi tizimiga qanday tibbiy xizmatlar kiritilgan?
O'zbekiston Respublikasining "Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, fuqarolarning reproduktiv salomatligi insonning jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan sog‘lomligi holati bo‘lib, bu holat uning bola tug‘ilishiga qodirligini belgilaydigan reproduktiv tizimi, ushbu tizimning funksiyalari, hayotiy jarayonlari bilan bog‘liq bo‘ladi.
Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash:
fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq axborot olishni;
homiladorlikni saqlab yurishni va bolaning asoratlarsiz hamda nuqsonlarsiz tug‘ilishini ta’minlaydigan, homiladorlik, tug‘ish va tug‘ishdan keyingi davrdagi tadbirlar, muolajalar hamda xizmatlarni;
reproduktiv tizim kasalliklarining oldini olishni va ularni davolashni;
jinsiy yo‘l bilan o‘tadigan kasalliklarning oldini olishni va ularni davolashni;
ehtimoldagi asoratlarning va reproduktiv tizim funksiyalari buzilishi oqibatlarining oldini olishga ko‘maklashgan holda homiladorlikni xavfsiz ravishda sun’iy to‘xtatishni;
kontratsepsiya usullari va ulardan foydalanish to‘g‘risida axborot olishni nazarda tutadi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi xodimi Raxmonova Sayyoraxon Javxaraliyevna
Kimlar nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblanadi?
O'zbekiston Respublikasining " Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxs — ijtimoiy yordam va himoyaga, jamiyat va davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotida boshqalar bilan birga teng to‘liq va samarali ishtirok etish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga muhtoj barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxs.
Toshloq tuman adliya boʻlimi xodimi Jo‘rayeva Zarxumor Adhamjon qizi
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi rahbar-xodimlari, viloyat prokuraturasi va IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari ishtirokida Korrupsiyani oldini olish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Mazkur yig'ilishda viloyat prokuraturasi bo'lim boshlig'i J.Fazilov va bo'lim boshlig'i o'rinbosari M.G'oyipovlar tomonidan joriy yilning 5 mart kuni Davlat rahbari raisligida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi hamda korrupsiyani oldini olish borasida qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risidagi” va “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlarning mazmun mohiyati yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tushuntirishlar berib o‘tildi.
Bu boradagi tadbirlar davom etadi
Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi