Yangiliklar
Qonunga koʻra, Prezident davlat xavfsizlik xizmati qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi hamda oʻz vakolatlarini har qanday davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan mustaqil tarzda olib boradi.
Prezident davlat xavfsizlik xizmatiga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.
Prezident davlat xavfsizlik xizmati bevosita Prezidentga boʻysunadi va unga hisobdordir.
Prezident davlat xavfsizlik xizmati kasbga yaroqlilik boʻyicha tekshiruvdan muvaffaqiyatli oʻtgan, muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtagan Oʻzbekiston fuqarolari bilan ixtiyoriy asosda toʻldiriladi.
Xizmatga Qurolli Kuchlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarining zaxirasidagi yoki rezervidagi fuqarolar, shuningdek Oʻzbekistonning ayol jinsiga mansub boʻlgan, harbiy-hisob mutaxassisligi boʻyicha tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlmagan fuqarolari qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi hamda ushbu organlar va tashkilotlarning qoʻriqlanadigan shaxslar xavfsizligini taʼminlash masalalariga doir faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi.
Qoʻriqlanadigan shaxslarning, qoʻriqlanadigan shaxslar turgan obyektlarning hamda harakatlanish yoʻnalishlarining xavfsizligini taʼminlash uchun jalb qilingan Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining va boshqa tashkilotlarining kuch
va vositalari qoʻriqlash tadbirlari oʻtkazilayotgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining tezkor boshqaruvida boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatiga uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hal etishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashishi shart ekanligi belgilangan.
Qoʻriqlanadigan shaxslar quyidagilardan iborat:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti va uning oila aʼzolari;
2) Oʻzbekiston Respublikasining sobiq Prezidenti va uning butun hayoti davrida oila aʼzolari;
3) yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti lavozimiga kirishguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifalarini va vakolatlarini bajaruvchi shaxs;
4) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati va chet davlatlarning tegishli vakolatli davlat organlari oʻrtasidagi bitimlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan vaqtida chet davlatlarning, hukumatlarning, parlamentlarning, xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, chet davlatlarning boshqa siyosiy va jamoat arboblari, shuningdek ularga hamrohlik qilayotgan oila aʼzolari;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga muvofiq qoʻriqlanishi lozim boʻlgan boshqa shaxslar shular jumlasidandir.
E.Qalandarov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
masʼul xodimi
Mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlardan, qabul qilinayotgan qarorlar, kelgusida moʻljallanayotgan ijtimoiy dasturlar, ularning maqsadidan har bir jamiyat aʼzosining oʻz vaqtida xabardor boʻlishi zarur. Bu holat aholining ijtimoiy faolligiga, mamlakat oldida turgan muhim vazifalarni hal etishda ishtirok etishga undaydi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga oid axborotlarning yetarli darajada boʻlmasligi, sust yoritilishi odamlar orasida har xil mish-mish, uydirma va boʻhtonlarning tarqalishiga olib kelishi mumkin va bu jamiyat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shunga koʻra, aholini zarur axborotlardan oʻz vaqtida xabardor qilib borish maqsadga muvofiq.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyun kungi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-son Farmoni bu borada aniq maqsad va qoidalarni belgilab berdi.
Farmon bilan barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik 33 turdagi maʼlumotlar roʻyxati tasdiqlandi.
Farmon bilan oʻrnatilgan tartibga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari har yili 1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno) rasmiy
veb-saytlariga joylashtirib, 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar berishi, 1-aprelga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazishi belgilandi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab amalga oshirilgan davlat xaridlari, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari, oʻzlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab boradi.
Shuningdek, 2021-yil 1-iyuldan boshlab oʻz huzurida faoliyat yurituvchi jamoatchilik kengashlari bilan birgalikda rasmiy veb-saytlarida jamoatchilik kengashi aʼzolari, yigʻilishlari, davlat xaridlarini amalga oshiruvchi komissiya, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning hududlar kesimida masʼul xodimlari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirib, ularning har chorakda yangilanib borilishini taʼminlaydi.
Oliy taʼlim muassasalarida oʻqish, oʻqishni koʻchirish, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish bilan bogʻliq imtihonlarni oʻtkazish jarayonlarini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi tegishli tashkilotlarning taklifi maʼqullandi.
Shuningdek, Hisob palatasi, Moliya vazirligi, nazorat qiluvchi organlarga davlat siri boʻlgan maʼlumotlarning yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning muhofaza qilinishini taʼminlagan holda oʻtkazilgan har bir taftish va tekshiruv toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, Davlat soliq qoʻmitasiga faoliyatlariga oid alohida maʼlumotlarni Portalga joylashtirish va ularning har chorakda yangilanishini taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Yana bir muhim jihat Farmonda Oliy Majlis palatalariga oʻz rasmiy
veb-saytlarida parlament nazorati obyektlarining hisobotlarini eshitish natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlar, Qonunchilik palatasida deputatning har bir qonun (qaror) loyihasini qabul qilish yoki rad etishdagi, senatorning har bir qonunni (qarorni) maʼqullash yoki rad etishdagi ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, saylov okruglari hamda ularning elektron pochta manzillari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish tavsiya etildi.
Shu bilan birga masʼul idoralarga “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi konsepsiyasi va loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan talablarni buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalalari ham nazarda tutildi.
Xulosa oʻrnida, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida, jumladan mazkur Farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlarning bu borada koʻnikmalarini oshirgan holda belgilangan talablarga ogʻishmay rioya etish mamlakatda har bir sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.
A.Zulfiqorov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boʻlimi boshligʻi
“imtihon.uz” veb-platformasi orqali oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini koʻrish mumkinmi?
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan, endilikda davlat organlari va tashkilotlari har yili
1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno) rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar berishi, 1-aprelga qadar esa oʻz faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazilishi belgilanishi bilan bir qatorda 2021-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga amalga oshirilgan davlat xaridlari, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar), mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bogʻliq xarajatlar, bundan davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar mustasno), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari (yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslari), ular tomonidan toʻlangan soliqlar va moliyaviy koʻrsatkichlar, oʻzlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirib, ularni har chorakda yangilab borishi belgilandi.
Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, ushbu Farmonning yana bir muhim jihatlaridan biri oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlari, oliy taʼlim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari, respublikadagi yoki xorijdagi oliy taʼlim muassasasidan respublikadagi davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishni koʻchirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlar, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlarini oʻtkazish jarayonini internet tarmogʻida jonli efirga uzatish tartibini joriy etish tartibining belgilanishi bilan 2021/2022 oʻquv yili qabuliga qadar “transfer.edu.uz” platformasi negizida imtihon jarayonlarini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatishni taʼminlaydigan va barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan “imtihon.uz” veb-platformasi ishga tushiriladi.
Shuningdek, 2021-yil 1-avgustga qadar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining rasmiy veb-saytida va Portalida ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi tuzilgan barcha shartnomalar, ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqi tugatilgan holatlar hamda undirilgan haq miqdorlari, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma berilgan barcha shaxslar va ruxsatnomadagi maʼlumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari, Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir berilgan barcha ruxsatnomalar va ulardagi maʼlumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari, oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining oʻrmon-ovchilik xoʻjaliklari tomonidan berilgan ovchilik yoʻllanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) hamda undirilgan haq miqdorlari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirib borilishi belgilandi.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqarish tartibi ham belgilandi.
Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi
Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi
yetakchi maslahatchisi Nozimaxon Tojiyeva
Maʼlumki, yer umummilliy boylik boʻlib, xalq hayoti va farovonligining asosi hisoblanadi hamda davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Yer munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi va yerga oid boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qonunchiligimizga koʻra, chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli boʻlgan taqdirda tashkil etiladi. Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligiga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi sugʻoriladigan yerlarda kamida 0,3 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xoʻjaliklari uchun 0,5 gektarni), boshqa viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi sugʻoriladigan yerlarda tegishincha, kamida 0,45 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xoʻjaliklari uchun 0,6 gektarni), sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami paxtachilik va gʻallachilik uchun kamida 30 gektarni, gʻallachilik va sabzavotchilik uchun kamida 10 gektarni tashkil etadi. Ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni hamda koʻpi bilan 5 gektarni tashkil etadi.
Hozirgi kunda tumanimizda paxta-gʻalla yoʻnalishida 172 ta, chorvachilik yoʻnalishida 39 ta, parrandachilik yoʻnalishida 4 ta, sabzavotchilik yoʻnalishida 38 ta, baliqchilik yoʻnalishida 8 ta, bogʻdorchilik yoʻnalishida 81 ta fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatib kelmoqdalar.
Ushbu fermer xoʻjaliklari samarali faoliyat yuritishi uchun ijara asosidagi yetarlicha ekin maydonlariga ega boʻlgan, zamonaviy texnikalar bilan taʼminlangan, ilgʻor texnologiyalarga ega boʻlgan xoʻjaliklar boʻlib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan birga, ularni qayta ishlash, shuningdek, chorva, baliq va parranda goʻshti yetkazib berish kabi yoʻnalishlarda samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqdalar.
Adliya vazirining buyrugʻiga asosan hozirgi vaqtda “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi oʻtkazilmoqda. Aksiya doirasida tuman adliya boʻlimi tomonidan tumanimizdagi 20 ga yaqin fermer xoʻjaliklarining yer maydonlariga borgan holda fermer xoʻjaliklari boshliqlari va ishchilari bilan suhbatlar oʻtkazildi. Suhbat jarayonida ularga soha boʻyicha qonunchilikdagi yangiliklar, ijobiy ishlar tanishtirildi. Shuningdek, sohadagi muammo, kamchiliklar va ularning yechimlari yuzasidan davra suhbatlari tashkil qilindi.
Ushbu aksiya joriy yilning dekabr oyiga qadar davom ettiriladi.
Toshloq tuman adliya boʻlimi boshligʻi
Y.Zulfiqorov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi binosi joylashgan Fargʻona shahar, B.Margʻinoniy koʻchasi, 149-uyda 2021-yilning 28-iyun kunidan rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari boshlanishi belgilangan.
Shunga koʻra, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari yakunlanguniga qadar boshqarma vaqtinchalik oʻz faoliyatini Fargʻona viloyat yuridik texnikumi binosi joylashgan
Fargʻona shahar, A.Navoiy koʻchasi, 18-uyda
(moʻljal: Doʻstlik hamda “AZIA” mehmonxonlari roʻparasida) olib borishi maʼlum qilinadi.
Fargʻona viloyati qurilish bosh boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Fargʻona viloyat hokimligining 2021-yil 14-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8-iyundagi PF–6243-son “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini aholi va ijrochilarga yetkazish boʻyicha manzilli targʻibot tadbirlarini tashkil qilish boʻyicha Reja-grafigi asosida joriy yilning 16-iyun kuni Qurilish bosh boshqarmasi binosida boshqarma markaziy apparati, 19 ta tuman va shahar boʻlim boshliqlari, Fargʻona XETK AJ, Hududgaz Fargʻona, Fargʻona suv taʼminoti va OAV vakillari jami 45 nafar xodimlar uchun targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirda adliya boshqarmasi hodimlari tomonidan tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8-iyundagi PF–6243-son Farmoni mazmun-mohiyati hamda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 24-maydagi “Fermerga madad” huquqiy aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi bilan joriy yil iyun-dekabr oylarida respublikamiz boʻyicha “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi doirasida fermerlarga qonunlikda berilgan huquqlar, imtiyozlar va preferensiyalar bilan tanishtirish yuzasidan koʻrgazmali vositalar yordamida batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Farmon va Aksiya yuzasidan berilgan barcha savollarga viloyat adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.
Ushbu targʻibot tadbirlari ijrochilar, keng aholi qatlami hamda fermerlarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish, ularni huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Qarorga koʻra, Konsepsiyaning maqsad va vazifalari quyidagi 4 bosqichda amalga oshiriladi:
. yoshlar sohasida mavjud muammolarni aniqlash;
. muammolarni hal etishga qaratilgan aniq yechimlarni ishlab chiqish;
. aniqlangan muammolarni hal etish choralarini koʻrish va ishlab chiqilgan takliflarni amalga oshirish;
. muammolarning hal etilishi va takliflarning amalga oshirilishi samaradorligini monitoring qilish.
Qaror bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq, “Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonunini qabul qilish nazarda tutilgan.
Konsepsiyani amalga oshirish natijasida, jumladan:
maktablarda 7-sinf oʻquvchilarining kasblar kesimida qiziqishini aniqlash,
8-9-sinf oʻquvchilarini zamonaviy va istiqbolli kasblar bilan tanishtirib borish,
10-sinfdan oʻquvchilarni davlat va nodavlat oʻquv markazlari yordamida kasbga oʻrgatish va ularning xarajatlarini “vaucher” tizimi orqali qoplab berish mexanizmi yaratiladi;
madaniyat va sanʼat bilan muntazam shugʻullanadigan yoshlar soni 30 foizga oshirilib, ularning xalqaro tanlov va festivallardagi ishtiroki 40 foizga yetkaziladi;
yoshlarning 30 foizi ommaviy sport turlari bilan muntazam shugʻullanishiga erishiladi;
respublikada 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalarning 80 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olinadi;
barcha hududlarda IT-parklar barpo etiladi, tuman(shahar)larda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etiladi, “Bir million oʻzbek dasturchi” loyihasi asosida 200 mingga yaqin yoshlar oʻqitiladi;
volontyorlik faoliyatining institutsional tuzilmalari yaratiladi;
Konsepsiya, erishilgan natijalardan kelib chiqqan holda, 2023-yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan tegishli “yoʻl xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
O.Ahmedov
Huquqiy xizmat koʻrsatishni davlat tomonidan
tartibga solish boʻlimi boshligʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-son qarori bilan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, soliq organlari quyidagi soliq tekshiruvlarini oʻtkazadi:
kameral soliq tekshiruvi;
sayyor soliq tekshiruvi;
soliq auditi.
Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
soliqqa oid qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi boʻlganida;
taqdim qilingan soliq hisobotida tafovut yoki xatolar aniqlanganida.
Mazkur tekshiruv soliq organi rahbarining buyrugʻi asosida,
60 kundan oshmagan muddatda oʻtkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvi 10 kundan ko’p bo’lmagan muddatda oʻtkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvida hujjatlar va buyumlarni tungi vaqtlarda (23.00 dan 06.00 ga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida) olib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Soliq auditi quyidagi soliq toʻlovchilarda oʻtkaziladi:
soliq tavakkalchiligining yuqori toifasiga mansub boʻlgan;
kameral soliq tekshiruvi natijasi boʻyicha soliq toʻlovchi aniqlashtirilgan hisobotni taqdim etmasa;
ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslarda;
soliq toʻlovchilarning jinoiy ishlar boʻyicha moliya-xoʻjalik faoliyati taftish qilinish doirasida;
faoliyatini toʻxtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar.
Sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarni tekshirish bundan mustasno.
Soliq tekshiruvlarini oʻtkazishda soliq organlari mansabdor shaxslari quyidagilarga majbur:
sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishda:
soliq toʻlovchiga oʻz xizmat guvohnomasini koʻrsatish;
soliq toʻlovchini soliq tekshiruvi maqsadi, uning huquqlari va majburiyatlari bilan tanishtirish;
soliq tekshiruvini tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqning bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etishi;
oʻtkazilgan soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha soliq tekshiruvi dalolatnomasini tuzish va bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etish;
oʻtkazilgan soliq tekshiruvlarining natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimiga kiritilishini taʼminlash;
soliq auditi boshlangunga qadar:
soliq toʻlovchini yoki uning vakilini soliq tekshiruvi maqsadi bilan tanishtirish, unga oʻz xizmat guvohnomasi koʻrsatish;
soliq tekshiruvini tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqning bir nusxasini soliq toʻlovchiga taqdim etish;
soliq toʻlovchining huquq va majburiyatlarini tushuntirish.
Soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror olingan kundan eʼtiboran oʻn kun muddatda moliyaviy sanksiyalar summasi ixtiyoriy ravishda toʻlanganda jarima miqdori Soliq kodeksi 28-bobining tegishli moddasida belgilangan miqdorga nisbatan ikki baravarga kamaytiriladi.
Texnik talablarga javob bermaydigan nazorat-kassa texnikasi mavjudligi aniqlangan taqdirda, sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan belgilangan tartibda bayonnoma tuziladi va ushbu nazorat-kassa texnikasi ekspertizadan oʻtkazish uchun vaqtincha olib qoʻyiladi.
Sayyor soliq tekshiruvida soliq toʻlovchining faoliyatining toʻxtab qolishiga olib keladigan hujjatlar va buyumlarni (nusxalari, shuningdek, asl nusxalari), shu jumladan elektron hujjatlari, predmetlarini (tovarlar, buyumlar, xom ashyolar, materiallar va yarim tayyor mahsulotlar namunalari) olib qoʻyish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Soliq organlari soliq auditi oʻtkazilishi boshlanishidan kamida oʻttiz kalendar kun oldin soliq toʻlovchiga soliq auditi oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud boʻlmagan tijorat tashkilotlarida soliq auditi oʻtkazilmaydi.
Solik toʻlovchi soliq tekshiruvi natijasida qabul qilingan qarorni ixtiyoriy tartibda bajarmagan hollarda soliq organi tomonidan mustaqil ravishda Soliq kodeksining 120-124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda soliq qarzlarini undirish amalga oshiriladi.
Mazkur Nizom talablariga asosan oʻtkazilgan sayyor soliq tekshiruvlari natijalari boʻyicha soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida soliq organlariga maʼlumot bergan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi Davlat soliq qoʻmitasining buyrugʻi asosida belgilanadi.
Fayzullo Mamajonov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada
huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish boʻlimi yetakchi maslahatchisi
Maʼlumki, mehnat bozoridagi talab va malakali kadr tayyorlash tizimining oʻzaro bir-biriga mos boʻlishi, oddiy aytganda talab va taklifning bir-biriga muvofiq boʻlishi jamiyat rivojlanishi barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi ham bu sohadagi muhim bosqichlardan biri boʻldi.
Qarorda хizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini takomillashtirishga asosiy eʼtibor qaratildi.
Bunda har bir lavozim va kasb boʻyicha malaka doirasiga muvofiq malaka darajasiga talablar kiritilishi;
lavozim va kasblarni Mashgʻulotlarning Xalqaro Standart Klassifikatori (MXSK — 2008) bilan muvofiqlashtirish;
ishchi kasblar uchun tarif razryadlarining oraligʻini belgilash nazarda tutildi.
Shu munsabat bilan Klassifikatorni yangi tahrirda ishlab chiqish va Oʻzbekiston davlat standarti shaklida roʻyxatdan oʻtkazish vazifasi belgilandi.
Qaror bilan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha tegishli malaka darajasiga erishish yoʻllarining moslashuvchanligi va xilma-xilligini taʼminlovchi Malaka darajalariga erishish sxemasi tasdiqlandi.
Klassifikatorda belgilangan har bir lavozim va kasb boʻyicha taʼlim va malaka darajasiga qoʻyiladigan talablar Malaka darajalariga erishish sxemasiga muvofiq tegishli lavozim (kasb)ning malaka darajasidan kelib chiqqan holda ish beruvchilar tomonidan mustaqil belgilanishi, har bir xodimning malaka darajasini aniqlashda nafaqat uning maʼlumoti, balki kasbiy tajribasi, bilimlari hamda shaxsiy va ishbilarmonlik fazilatlari ham hisobga olinishi, xodimlarning ish haqini belgilashda ularning malaka darajasi hisobga olinishi belgilandi.
Mazkur qarorga asosan Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha kengash, hududiy kengashlar va tarmoq kengashlari tashkil etilishi hamda ularning vazifalari belgilab berildi.
Xususan, hududiy kengashlarga kasbiy standartlar, tarmoq malakalar doiralari va malaka talablarining ishlab chiqilishi hamda yangilab borilishini tashkil etish;
malaka va bilimlarni baholash milliy tizimining xalqaro miqyosda tan olinishini taʼminlash;
malaka va bilimlarni, nafaqat shaxs tomonidan olingan taʼlim, balki uning kasbiy tajribasi, koʻnikmalari hamda shaxsiy va ishbilarmonlik xususiyatlarini inobatga olgan holda tan olish, validatsiya va akkreditatsiya (sertifikatsiya) qilishning moslashuvchan, shaffof va xolisona mexanizmlarini joriy etish;
ish beruvchi talablarining taʼlim dasturlari mazmuni bilan oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish orqali taʼlimning sifatini oshirish kabi vazifalar yuklatildi.
Oʻz navbatida tarmoq kengashlariga ham mehnat bozori monitoringi asosida tarmoqlarning malaka va bilimlarga ehtiyojlari va tendensiyalarini aniqlash, kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish, tarmoq malakalar doiralari va kasbiy standartlardan kelib chiqqan holda Klassifikatorni takomillashtirish hamda mehnatga haq toʻlashga oid meʼyorlarni aniqlash boʻyicha takliflar tayyorlash kabi vazifalar yuklatildi.
Endilikda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har chorakda tarmoq va hududiy kengashlar bilan birgalikda malakalarni baholash tizimini joriy etish boʻyicha faoliyat natijalarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etib boradi. Bu borada vazirlikka bir qator huquqlar berildi.
Yana bir muhim jihat - Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika bandlik va mehnat muhofazasi ilmiy markazi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti etib qayta tashkil etildi va unga Kengashning ishchi organi vazifasi yuklatildi.
Mazkur institutda ishlash uchun xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan chet eldagi vatandoshlarni shartnoma asosida jalb qilish hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan ularning mehnatiga haq toʻlashga ruxsat berildi.
Qarorda bir qator imkoniyatlarni taʼminlovchi “profstandart.uz” kasbiy standartlarning yagona ochiq portalini ishlab chiqish va ishga tushirish vazifasi belgilandi.
Har yili kasbiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy standartlarni ishlab chiqish reja-grafigi tasdiqlash tartibi va talablari aniq belgilab berildi.
Yana bir ahamiyatga molik tomoni shundaki, 2021-yilga moʻljallangan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi yirik korxonalar huzurida malakalarni baholash markazlarini tashkil etish dasturi tasdiqlandi. Malakani baholash markazlari tomonidan beriladigan malaka pasportlari malaka doirasi darajalariga muvofiq lavozimlarni egallash va mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini berishi belgilab qoʻyildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-oktyabrdagi “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 795-son qarori 2021-yil 1-martdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanishi nazarda tutildi.
Xulosa oʻrnida, joylarda hududiy va tarmoq kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, kengashlar uchun belgilangan vazifalarning oʻz vatida bajarilishi albatta kelgusida qaror qabul qilinishidan koʻzlangan maqsadga, yaʼni mamlakatimizda inson kapitalini toʻlaqonli rivojlantirish, oliy va professional taʼlimning sifatini oshirish, mehnat bozorining rivojlanishi tendensiyalarini inobatga olgan holda, aholining keng qatlamlarini talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish hamda malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish uchun shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
A.Zulfiqorov
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada
huquqni qoʻllash amaliyotini
oʻrganish boʻlimi boshligʻi
Жорий йилнинг 11 май куни Фарғона вилоят адлия бошқармаси томонидан жиноий фаолиятдан олинган даромадларни легаллаштиришга, терроризмни молиялаштиришга ва оммавий қирғин қуролини тарқатишни молиялаштиришга қарши курашиш соҳасидаги қонунчилик мазмун-моҳиятини нодавлат нотижорат ташкилотларига етказиш юзасидан семинар ўтказилди.
Тадбирда вилоятда фаолият юритаётган мустақил нодавлат нотижорат ташкилотлари раҳбарлари, ходимлари ҳамда Иқтисодий жиноятларга қарши курашиш Департаментининг Фарғона вилоят бошқармаси вакиллари иштирок этдилар.
Семинарда жиноий фаолиятдан олинган даромадларни легаллаштиришга, терроризмни молиялаштиришга ва оммавий қирғин қуролини тарқатишни молиялаштиришга қарши курашиш тўғрисидаги қонун ҳужжатларини
мазмун-моҳияти юзасидан атрофлича тушунтиришлар ва бугунги бу борада ваколатли давлат органи томонидан олиб борилаётган ишлар бўйича маълумот берилди.
Тадбирда нодавлат нотижорат ташкилотлари раҳбарлари ва ходимлари мазкур соҳада ўзларини қизиқтирган саволларга жавоблар олдилар.