Yangiliklar
Savol. Oliy ma’lumotli tibbiyot hamshiralariga qonunchilikda qanday qo’shimcha haqlar to’lanishi belgilangan.
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 6 dekabrdagi “O‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlarining kasbiy saviyasi va malakasini oshirishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 524-son qarorining 1-qismida quyidagi qo’shimcha haqlar to’lash nazarda tutilgan.
Jumladan: Oliy ma’lumotli tibbiyot hamshiralari tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va mehnatini rag‘batlantirishni kuchaytirish, tibbiy yordam ko‘rsatishning barcha bosqichlarida ularning roli va mas’uliyatini oshirish, shuningdek ularning kasbiy saviyasi va malakasini uzluksiz o‘stirish uchun shart-sharoit va rag‘bat yaratish maqsadida:
1. 2007-yilning 1-yanvaridan boshlab:
oliy ma’lumotli tibbiyot hamshiralariga tarif stavkasining 10 foizi miqdorida;
tibbiyot bosh hamshiralariga tarif stavkasining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha haq belgilansin.
2. 2007-yilning 1-yanvaridan boshlab oliy ma’lumotli tibbiyot hamshiralarining uzluksiz ish staji davomiyligi uchun ustama haq maksimal miqdori:
shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarida ishlovchilar uchun tarif stavkasining 30 foizidan 40 foizigacha;
boshqa tibbiyot muassasalarida ishlovchilar uchun tarif stavkasining 20 foizidan 30 foizigacha oshirilish belilangan.
Furqat tuman YuXKM
boshlig‘i A.Nurmatov
Qoʻqon shahar adliya boʻlimi tomonidan “Sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi doirasida 30 nafar oʻqituvchilarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-son farmoniga asosan 2021-yil 1-yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash yoʻlga qoʻyilishi belgilangan boʻlsada, 30 nafar oʻqituvchilarga qoʻshimcha ustamalar toʻlanmayotganligi aniqlanib, xodimlar manfaatini koʻzlab fuqarolik ishlari boʻyicha Qoʻqon tumanlararo sudiga arizalar kiritilgan, arizalar qanoatlantirilib, sud buyrugʻiga koʻra xodimlarga 228 238 000 soʻm toʻlab berilishi belgilandi.
Boshqarma Inson huquqlarini himoya qilish bo'limi
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasida ichki tanlov o‘tkazish to‘g‘risida
E’LON
Ichki tanlov o‘tkazilayotgan lavozimlar:
№ Hudud nomi Lavozim
Adliya bo‘limi boshlig‘i Davlat xizmatlari markazi boshlig‘i
1. Farg‘ona shahar 1 1
2. Qo‘qon shahar 1 1
3. Marg‘ilon shahar 1 1
4. Quvasoy shahar 1 1
5. Beshariq tuman 1 1
6. Bog‘dod tuman 1 1
7. Buvayda tuman 1 1
8. Dang‘ara tuman 1 1
9. Yozyovon tuman 1 1
10. Quva tuman 1 1
11. Oltiariq tuman 1 1
12. Qo‘shtepa tuman 1 1
13. Rishton tuman 1 1
14. So‘x tuman 1 1
15. Toshloq tuman 1 1
16. Uchko‘prik tuman 1 1
17. Furqat tuman 1 1
18. Farg‘ona tuman 1 1
19. O`zbekiston tuman 1 1
Ichki tanlovda ishtirok etuvchi nomzodlarga qoʻyiladigan lavozim boʻyicha talablar;
• adliya boʻlimi boshligʻi lavozimiga – oliy yuridik maʼlumotga ega, ushbu mutaxassislik boʻyicha adliya organlari va muassasalarida kamida 3 yildan buyon ishlab kelayotgan, mehnat unumdorligi va samaradorlik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan xodimlar;
• davlat xizmatlari markazi direktori lavozimiga – oliy maʼlumotga ega, adliya organlari va muassasalarida kamida 3 yildan buyon ishlab kelayotgan, mehnat unumdorligi va samaradorlik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan xodimlari.
Mazkur talablar amalda ushbu lavozimda ishlayotgan xodimlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Murojaat muddati va manzil:
Nomzodlar 2022-yil 15-aprel kuni soat 18:00 qadar quyidagi hujjatlarni Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi Inson resurslari bo‘limiga taqdim etishlari so‘raladi:
Ariza - ichki tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar eʼlonda koʻrsatilgan muddatda komissiya kotibiga murojaat qiladi va komissiya kotibi ularni elektron reestrga kiritib qoʻyadi.
Nomzod tomonidan bir yil davomida amalga oshirgan ishlari qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha berilgan takliflari va tashabbuskorlik ishlari, statistik koʻrsatkichlari aks etgan ma’lumotlar.
Nomzod bo‘sh (vakant) lavozimlarga tanlov o‘tkazish haqidagi e’londa ko‘rsatilgan lavozimlarning faqat bittasini tanlashi va tanlangan lavozim bo‘yicha tanlovda ishtirok etish mumkin.
Ma’lumot uchun telefon, 91-653-06-09, e-pochta fargona@adliya.uz
• Tanlov Davlat xizmatlari agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi
yoki Farg‘ona viloyat yuridik texnikumi binosida o‘tkaziladi.
• Ichki tanlov jarayonlarini audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi.
• Ichki tanlov o‘tkazish tartibi buzilgan taqdirda yoki korrupsiya holatlari haqidagi xabarlarni Adliya vazirligining “1008” ishonch telefoniga yoki @antikorbot telegram kanali orqali berishingiz mumkin.
Bugun, 9 aprel kuni Farg‘ona tuman adliya bo‘limi tomonidan “Tinchlik” fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazildi.
Tashkil etilgan tadbirda Temir daftar, Ayollar daftar va Yoshlar daftarida turgan 30 nafardan ortiq aholi vakillari ishtirok etib, ularga yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida qisqacha tushunchalar berildi.
Shuningdek, sayyor qabul jarayoni adliya vaziri tomonidan tasdiqlangan “Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlarining huquqlarini ximoya qilish” huquqiy aksiyasi doirasida Tinchlik fuqarolar yig‘inidagi 35-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida hamda shu hududdagi “Yoshlarobod” oilaviy shifokorlik poliklinkasida aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, mutaxassislarning soha bo‘yicha takliflari olindi.
O‘tkazilgan tadbir jarayonida ishtirokchilarning jami 16 ta murojaatlar ko‘rib chiqilib, 14 tasiga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi, 2 tasi adliya bo‘limi ish yurituviga qabul qilindi, shuningdek tadbir davomida ishtirokchilarga sohaga doir jami 4 ta turdagi 43 ta flayerlar tarqatilishi ta’minlandi.
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan doimiy ravishda tadbirkorlar bilan faol va ochiq muloqot olib borish, ulardan kelib tushayotgan har bir murojaatni chuqur oʻrgangan holda ularga amaliy yordam koʻrsatish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Fargʻona viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan “Uniform Partner” MCHJning 114,5 mln. soʻm pul mablagʻlari asossiz ravishda undirib olinganidan norozi boʻlib qilgan murojaati adliya boshqarmasi tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi.
Aniqlanishicha, soliq organi “Uniform Partner” MCHJning kontragentlari qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) guvohnomasi bekor boʻlib ketganligi sababli umumiy summasi 880,4 mln. soʻm, shu jumladan QQS summasi 114,5 mln. soʻm boʻlgan asossiz hujjatlari asosida tadbirkorning eʼtirozlari koʻrib chiqilmagan holda hisob raqamidan jami 114,5 mln. soʻm pul mablagʻlari undirib olingan.
Holat boʻyicha adliya boshqarmasi tomonidan Soliq kodeksining tegishli moddalari hamda boshqa huquqiy asoslarga tayanib tadbirkor manfaatini koʻzlab asossiz undirilgan mablagʻni qaytarish yuzasidan sudga daʼvo ariza kiritildi.
Mazkur nizoli holat sud tomonidan koʻrib chiqilib, sudning qaroriga asosan tadbirkorning buzilgan huquq va manfaatlari tiklanib, asossiz undirilgan 114,5 mln. soʻm pul mablagʻlari tadbirkor foydasiga qaytarilishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234-moddasida majburiyat tushunchasiga quyidagicha ta'rif berilgan. Majburiyat bu muayyan fuqarolik huquqiy munosabatdan iborat bo‘lib, uning amal qilishi orqali bir shaxs (qarzdor) ikkinchi shaxs kreditor foydasiga ma'lum bir harakatni bajarishi, mol-mulkni topshirishi, ishni bajarishi, xizmat ko‘rsatishi, pul to‘lashi yoki biror harakatni bajarishdan tiyilishi zarur bo‘lgan holatga aytiladi.
Majburiyat taraflari bo‘lib, fuqarolik huquqiy munosabatlarning barcha ishtirokchilari: fuqarolar(jismoniy shaxslar), yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasining o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qatnashishi mumkin.
Qonunchiligimizda majburiyatlar bajarilishini ta'minlash maqsadida Fuqarolik kodeksining 259-moddasida majburiyatlar bajarilishi ta'minlanishining oltita eng ko‘p qo‘llaniladigan usullari qayd etib o‘tilgan.
Xususan, neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini xatlash, kafillik, kafolat, zakalat hamda qonun hujjatlarida belgilangan yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa usullar bilan ta'minlanishi mumkin.
Majburiyatni ta'minlashning u yoki bu usulining o‘ziga xos xususiyatlarini va uning muayyan vaziyatlarga nisbatan qo‘llash imkoniyatlarini hisobga olish lozim bo‘ladi.
Aytaylik neustoyka va zakalat bir vaqtning o‘zida fuqarolik-huquqiy javobgarlikning choralarini ifodalaydi va ular sifatida qarzdorni haqiqatan amalga oshadigan javobgarlikni qo‘llash xavfi ostida majburiyatlarni shunday usulda bajarishga undaydi.
Negaki neustoyka yoki penyani undirish kreditordan unchalik jiddiy va murakkab qiyinchilikni talab etmaydi. Masalan, qachonki ularning hajmini asoslash va isbotlash lozim bo‘lgan zararlarni qoplash holatida.
Garov, kafillik, bank kafolati kreditor uchun qarzdor tomonidan ular ta'minlagan majburiyatni buzgan hollarda uning talablarini qondirish ehtimolini oshiradi. Majburiyatni ta'minlash usulini tanlash ko‘p jihatdan unig tub ma'nosiga bog‘liqdir. Misol uchun, qarz shartnomasi yoki kredit shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlar uchun garov, bank kafolati va kafillik eng ahamiyatli bo‘lib ko‘rinadi.
Majburiyatlarni sanab o‘tilgan har qanda usullaridan biri bilan ta'minlash ham kreditor bilan qarzdor (yoki qarzdorning majburiyatini ta'minlaydigan boshqa shaxs) orasida majburiyatlar huquqiy munosabatini vujudga keltiradi.
Furqat tuman adliya
bo‘limi bosh maslahatchisi
S.Dexqonov
O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 16 oktyabrda qabul qilingan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari tashkil etilgan bo‘lib, mazkur agentlik
ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha,
ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi tijorat tashkiloti hisoblanadi.
Xususiy bandlik agentligi oliy maʼlumotli rahbarni qo‘shib hisoblaganda kamida ikki nafar xodimga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi.
Xususiy bandlik agentligi O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar xususiy bandlik agentligi va ish qidirayotgan shaxs o‘rtasida tuzilgan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida ko‘rsatiladi hamda quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish masalasi bo‘yicha chet ellik sheriklar bilan o‘z vakolatlari doirasida muzokaralar (suhbatlar) o‘tkazish, shartnomalar, bitimlar va bayonnomalarning loyihalarini tayyorlash;
ehtimol tutilgan ish beruvchilarni qidirish, xorijiy mamlakatlarning mehnat bozorini o‘rganish asosida bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarga axborot taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat faoliyatini amalga oshirishni xohlayotgan shaxslar haqidagi axborotni faqat ularning roziligi bilan chet ellik ish beruvchilar o‘rtasida tarqatish;
ish qidirayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun dastlabki tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashiladigan mamlakatda bo‘lish qoidalari, mehnat sharoitlari, ijtimoiy va uy-joy-maishiy taʼminoti, chet ellik ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini tuzishning huquqiy jihatlari haqida xabardor qilish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslar bilan ish beruvchilar o‘rtasida mehnat shartnomalarini tuzishga ko‘maklashadi.
2020 yil 13 avgustda “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilingan.
Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haqni ish qidirayotgan shaxslardan emas, balki ish beruvchilardan undirish belgilandi.
Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklariga ular tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani “labor-migration” axborot tizimida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yuklatilgan.
Maʼlumot uchun:
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikada jami xususiy bandlik agentliklari reyestriga 114 ta xususiy bandlik agentliklari kiritilgan bo‘lib, shundan litsenziya berilgan agentliklar soni 9 tani, arizasi rad etilgan agentliklar soni 4 tani, litsenziyasi bekor qilinganlar soni esa 71 tani tashkil etadi.
O.QO‘CHQOROV
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi
yetakchi maslahatchisi
Mamlakatimizda sug‘urta faoliyatini takomillashtirish maqsadida tizimli ravishda islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, 2021-yil 23-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi Qonunning qabul qilinishi ham ana shunday islohotlarning uzviy davomi boʻldi.
Maʼlumki, sug‘urta muayyan voqea (hodisa) yuz berganda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun maqsadli pul jamg‘armalarini tashkil etish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoya qilishga doir munosabatlarni o‘z ichiga oladi.
Sug‘urta tashkilotlarining faoliyati iqtisodiyotning boshqa turdagi faoliyatlarini olib boruvchi tashkilotlar faoliyatidan keskin farq qiladi.
Chunki, sug‘urta tashkilotlari taqdim etadigan xizmat ya’ni sug‘urta himoyasi o‘ziga xos tovar bo‘lib, iste’molchi undan foydalanishi yoki foydalanmasligi muayyan voqea va hodisaga bog‘liq bo‘ladi.
Sug‘urta shartnomasida keltirib o‘tilgan muayyan voqea-hodisa natijasida sug‘urtalanuvchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetgan taqdirda uning mulkiy manfaatlarini himoya qilish asosida yetkazilgan zararni qoplash bu sug‘urta xizmatining asosiy tamoyilini ko‘rsatib beradi, bu esa sug‘urtachilar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.
Sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi sug‘urta faoliyatini yanada takomillashtirilishiga muhim qadam boʻldi.
Sug‘urta quyidagi tarmoqlarga bo‘linadi:
1. Hayotni sug‘urta qilish (jismoniy shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati va pul ta’minoti bilan bog‘liq manfaatlarini sug‘urta qilish);
2. Umumiy sug‘urta (shaxsiy, mulkiy sug‘urta, javobgarlikni sug‘urta qilish hamda hayotni sug‘urta qilish sohasiga taalluqli bo‘lmagan boshqa sug‘urta turlari).
Sug‘urta ixtiyoriy va majburiy sug‘urta shakllarida amalga oshiriladi.
Sug‘urta qildiruvchilar, sug‘urtalangan shaxslar va naf oluvchilar to‘g‘risidagi, sug‘urta qildiruvchilar hamda sug‘urtalangan shaxslar sog‘lig‘ining holati, sug‘urtalangan mol-mulk, sug‘urta summasi haqidagi, bank hisobvaraqlarining mavjudligi, ushbu hisobvaraqlardagi pul qoldiqlari va pul harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlar sug‘urta siri hisoblanib, ularni oshkor etilmasligi belgilangan.
Qonunga ko‘ra, sug‘urta xizmatlarining iste’molchilari sug‘urtalovchini
va sug‘urta xizmatlarini tanlashda erkindir.
Sug‘urtalovchilar iste’molchining talabiga binoan unga sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish shartlari bilan tanishish imkoniyatini taqdim etishi shart.
Sug‘urtalovchi shaxsni sug‘urta xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanish sharti sifatida sug‘urtalovchining yoxud o‘zga uchinchi shaxsning boshqa sug‘urta xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanishga majburlamasligi kerak.
Xulosa qilib aytganda ushbu qonun sug‘urta faoliyatining samaradorligini
oshirishga qaratilgan boʻlib, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoya qilish institutini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishiga zamin yaratadi.
Fargʻona viloyat adliya
boshqarmasi boʻlim boshligʻi
I.Abdullayev
Mamadaliyeva Gulasal Axmadjon qizining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish haqidagi murojaati Fargʻona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi tomonidan koʻrib chiqilib 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligini hamda Oʻzbekiston Respublikasida kamida oʻn besh yil doimiy yashab kelayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmaganligi sababli sudga murojaat qilishi haqida javob xati taqdim qilingan.
G.Mamadaliyevaning murojaati Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi tomonidan koʻrib chiqilib uning manfaatini koʻzlab fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga “Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni aniqlash haqida” ariza kiritildi.
Sudning 2022-yil 7-martdagi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilib, Mamadaliyeva Gulasal Axmadjon qizining 2000-yil 12-fevraldan buyon Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab kelganlik fakti belgilandi.
Sudning ushbu hal qiluv qarori Mamadaliyeva Gulasal Axmadjon qiziga Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinishi huquqini beradi.
Fayzullo Mamajonov, Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini
himoya qilish boʻlimi boshligʻi,
1-darajali yurist
Adliya vazirligi hamda Farg'ona viloyat adliya boshqarmasi barcha yurtdoshlarimizni yangilanish va yasharish ayyomi, 21-mart – Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etadi!